01:05 / 17.03.2025
32

Lukashenko qarorgohi bo‘yicha surishtiruv e’lon qilindi (foto)

Lukashenko qarorgohi bo‘yicha surishtiruv e’lon qilindi (foto)
Aleksandr Lukashenkoga tegishli ko‘plab qarorgohlardan biri “Krasnoselskoye” hisoblanadi. U Minsk shahridan 40 kilometr uzoqlikda, Udra daryosi bo‘yida joylashgan. BЕLPOL tashkiloti ushbu qarorgoh hududida nima joylashgani va ayrim xarajatlar haqida ma’lumot berdi.

1990 yillarda bu obyekt “Krasnoselskoye” davlat o‘rmon xo‘jaligi muassasasiga qarashli edi. Keyinchalik u Prezident devonining yana bir tuzilmasi — “Dipservis”ga o‘tkazildi. 2012 yilda esa majmua rossiyalik oligarx Mixail Gutseriyev bilan aloqador bo‘lgan “SertusAvia” xorijiy qurilish unitar korxonasiga 100 yilga ijaraga berildi.

BЕLPOL ma’lumotlariga ko‘ra, majmua hududida uchta yirik bino bor. Ularning ichida eng kattasi — 1-raqamli uy bo‘lib, uning umumiy maydoni 730 kvadrat metrni tashkil qiladi.

Foto: Videodan kadr
Birinchi qavatda qishki bog‘, ovqatlanish zali, kutubxona, uy kinoteatri va dam olish xonasi joylashgan. Ikkinchi qavatda esa bir nechta hammom, garderob, yotoqxonalar va shaxsiy kabinet bor. Ushbu kabinetning maydoni 78 kvadrat metr bo‘lib, bu ko‘plab belarusliklarning butun kvartirasi hajmiga teng. Lukashenko yotoqxonasining maydoni esa 56,5 kvadrat metrni tashkil etadi.

Foto: “Krasnoselskoye”, Aleksandr Lukashenko qarorgohi / “Nasha Niva”
Shuningdek, yerto‘lada an’anaviy turk hammomi, sauna, jakuzi, trenajyor zali va 84,6 kvadrat metr maydonga ega basseyn joylashgan. Uning yonida vino yerto‘lasiga kirish joyi bor. Ushbu uyga maxsus aloqa liniyasi o‘tkazilgan. Bu aynan Lukashenkoning qarorgohi haqida ketayotganini tasdiqlaydi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 1-raqamli uydagi karniz va pardalarning narxi 560 ming Belarus rubli (birinchi variant bo‘yicha) yoki 449 ming Belarus rubli (ikkinchi variant bo‘yicha) deb baholanmoqda. Bu AQSH dollarida 236 mingdan 287 minggacha bo‘lgan summaga to‘g‘ri keladi.

Foto: Videodan kadr
2-raqamli uyning umumiy maydoni 453 kvadrat metrni tashkil etadi. Birinchi qavatda bir nechta hojatxona, ovqatlanish zali, mehmonxona va shaxsiy kabinet joylashgan. Ikkinchi qavatda esa bir nechta yotoqxona, garderob xonalari, hammomlar, shuningdek, terras va qishki bog‘ mavjud.

Yerto‘la qismida keng basseyn, sauna va turk hammomi joylashgan. Bundan tashqari, u yerda bilyard va trenajyor xonalari ham bor. Ushbu bino mehmonlar uchun ajratilgan uy sifatida foydalaniladi.

Foto: “Krasnoselskiy”dagi 2-uy, Aleksandr Lukashenkoning qarorgohi / BЕLPOL
3-raqamli uy restoran va xizmatkorlar uyi sifatida foydalaniladi. Unda bosh oshpaz xonasi, idish-tovoq yuvish xonasi, ovqatlanish zali, oshxona, bir nechta yotoqxona, bilyard xonasi va boshqa qulayliklar mavjud. Faqatgina bar uchun qahva tayyorlash uskunalariga deyarli 5 ming dollar sarflangan.

Ta’kidlanishicha, bino shunday loyihalashtirilganki, xizmatkorlar o‘z vazifalarini bajarayotganda Lukashenko yoki uning hamrohlari ko‘ziga tashlanmaydi.

Shuningdek, 100 ming dollar sarflangan vertolyot maydonchasi ham bor. Turar joy binolaridan tashqari, bu yerda basseynli SPA-markaz, ov uchun maxsus uy hamda garajlar joylashgan.

Foto: Videodan kadr

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo