266
Rossiya harbiylari Putinning buyrug‘idan so‘ng Ukrainaga uchirilgan o‘z dronlarini urib tushirdi

Rossiya harbiylari prezident Vladimir Putinning Ukraina energetika obyektlariga zarba berishni vaqtincha to‘xtatish haqidagi buyrug‘ini olgach, Ukraina tomon uchirilgan o‘z uchuvchisiz qurilmalarini (dronlarini) urib tushirishga majbur bo‘lgan. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi rasman ma’lum qildi.
Vazirlikning bayonotida ta’kidlanishicha, buyruq kelib tushgan paytda Rossiya qo‘shinlari tomonidan Ukraina hududiga qarab yettita zarbdor dron uchirilgan edi. Ular Mikolayiv viloyatida joylashgan, harbiy-sanoat majmuasi bilan bog‘liq energetika obyektlariga yo‘naltirilgan bo‘lgan.
Rossiya Federatsiyasi havo mudofaa kuchlariga mazkur uchuvchisiz qurilmalarni zararsizlantirish buyrug‘i berilgan va natijada oltita dron «Pansir» zenit-raketa tizimlari, yana biri esa Rossiya harbiy-havo kuchlarining qiruvchi samolyoti tomonidan urib tushirilgan.
Mudofaa vazirligining ta’kidlashicha, ushbu voqea Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSH prezidenti Donald Tramp o‘rtasidagi telefon muloqotidan keyin sodir bo‘lgan. Kreml muzokaralardan so‘ng Putinning Ukrainadagi energetika tizimiga 30 kun davomida zarba berishni to‘xtatish haqida buyruq berganini e’lon qilgan edi.
Shuningdek, Rossiya vazirligi mazkur kelishuvdan bir necha soat o‘tib Ukraina Krasnodar o‘lkasining Kavkazskaya stanitsasidagi energetika infratuzilmasiga uchta dron yordamida zarba berganini ham ma’lum qildi. Hujum natijasida bir neft rezervuari zarar ko‘rgan va yong‘in kelib chiqqan.
Rossiya ushbu hujumni AQSHning tinchlik tashabbuslarini buzishga qaratilgan maxsus provokatsiya, deb baholamoqda.
Ukraina qurolli kuchlari harbiy-havo kuchlarining 19 mart kungi hisobotida Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga «Iskander-M», S-300 raketalari va «Shaheed» turidagi 145 ta dronlar bilan hujum qilgani aytilgan.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy energetika infratuzilmasiga qarshi hujumlarning to‘xtatilishini qo‘llab-quvvatlagan holda, bunday zarbalar sodir bo‘lgan taqdirda Ukraina tomonidan keskin javob qaytarilishini ta’kidladi.
Zelenskiy hozircha AQSH sobiq prezidenti Tramp bilan suhbat o‘tkazmagani, ammo bu muloqot orqali Rossiya bilan kelishuvlar bo‘yicha ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lish istagida ekanligini bildirdi. «Rossiya bizning energetika obyektlarimizga zarba berar ekan, biz jim turmaymiz. Albatta, biz ham javob qaytaramiz», – dedi Zelenskiy. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar