
23 mart kuni Istanbul sudi shahar meri Akrom Imomo‘g‘lini qamoqqa olish haqida qaror qabul qildi. Sud qaroriga ko‘ra, korrupsiya ayblovlari bo‘yicha ish sudda ko‘rib chiqilgunga qadar Imomo‘g‘li qamoqda qoladi.
Muxolifat va jamoatchilik munosabati
Sudning bu qarori Turkiyada keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Anqara shahri meri Mansur Yavosh buni «sud tizimi uchun sharmandalik» deb atadi. Imomo‘g‘lining qamoqqa olinishi butun Turkiya bo‘ylab uni qo‘llab-quvvatlash namoyishlari davom etayotgan bir paytda sodir bo‘ldi.
19 martdan beri davom etayotgan namoyishlarda yuzlab kishi qo‘lga olindi. 22 mart kuni Turkiya ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya Istanbul va boshqa shaharlardagi norozilik chiqishlarida 323 kishi hibsga olingani haqida ma’lum qildi.
Imomo‘g‘lining siyosiy faoliyati
Akrom Imomo‘g‘li – muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasi (JXP) yetakchilaridan biri hisoblanadi. U 2028 yilgi prezidentlik saylovlarida Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning asosiy raqibi sifatida ko‘rilayotgan edi.
2019 yil – Imomo‘g‘li Istanbul meri etib saylangan.
2019 yil – Markaziy saylov komissiyasi uning g‘alabasini bekor qilgan, ammo takroriy saylovda u yanada katta farq bilan g‘alaba qozongan.
2024 yil – Imomo‘g‘li qaytadan Istanbul meri etib saylangan.
Hibsga olish va diplom bahsi
19 mart kuni ertalab Turkiya politsiyasi Imomo‘g‘li va yana 100 ga yaqin shaxsni hibsga olgan. Ular orasida Istanbul ma’muriyatining yuqori martabali xodimlari va mer maslahatchisi Murat Ongun ham bor.
Shuningdek, Istanbul universiteti Imomo‘g‘lining 1990 yilda Kipr shimolidagi xususiy universitetdan uning biznes boshqaruvi fakultetiga o‘tishida qonunbuzarliklar sodir etilganini aytib, uning diplomini bekor qildi. Turkiyada prezidentlikka nomzod bo‘lish uchun oliy ma’lumot talab qilinadi, bu esa Imomo‘g‘lining saylovda qatnashish imkoniyatiga ta’sir qilishi mumkin.
Imomo‘g‘lining qamoqqa olinishi va uning diplomi bilan bog‘liq bahslar Turkiyada siyosiy keskinlikni yanada kuchaytirmoqda. Muxolifat bu jarayonni saylov oldidan Erdo‘g‘an hukumati tomonidan amalga oshirilgan siyosiy hujum deb baholamoqda. Bu voqealar Imomo‘g‘lining kelajakdagi siyosiy taqdiriga va 2028 yilgi saylov natijalariga katta ta’sir ko‘rsatishi mumkin. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar