date 23:32 / 06.04.2025
views 484

Allergiyaga qarshi tabiiy “qalqon” bo‘luvchi modda aniqlandi — yapon olimlaridan yangilik!

Allergiyaga qarshi tabiiy “qalqon” bo‘luvchi modda aniqlandi — yapon olimlaridan yangilik!
Tokio universiteti olimlari allergiyaga qarshi tabiiy modda aniqlashganini ma’lum qildi. Bu modda kempferol deb ataladi va u ismaloq, brokkoli, qizil po‘stli olma, ko‘k choy, karam va loviya kabi mahsulotlarda mavjud. Tadqiqot natijalari Allergy jurnalida e’lon qilindi.

Kempferol nima qiladi?

Olimlar sichqonlarda o‘tkazgan tajribada kempferol oziq-ovqat allergiyasiga, xususan tuxum oqiga bo‘lgan reaksiyani kamaytirganini aniqladi. Moddani qabul qilgan sichqonlarda diareya to‘xtagan, tana harorati pasaygan va allergenga nisbatan sezuvchanlik ancha susaygan.

Bu flavonoid organizmda RALDH2 fermenti ishlab chiqarilishini kuchaytiradi. U immun tizimini tartibga solib, yallig‘lanishni kamaytiradi va allergik reaksiyalarni bosadi.

Tabiiy profilaktikaga yo‘l ochiladi

Professor Tiharu Nishiyamaning ta’kidlashicha, kempferolga boy mahsulotlarni muntazam iste’mol qilish allergiya belgilari yengillashishiga yordam berishi mumkin. Shu bilan birga, autoimmun kasalliklarda ham ijobiy natijalar berish ehtimoli bor.

Hozircha tadqiqot hayvonlarda o‘tkazilgan bo‘lsa-da, olimlar yaqin kelajakda insonlarda klinik sinovlar o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Mutaxassislardan maslahat

Shifokorlar allergiyaga moyil insonlarga kundalik ratsionga kempferolga boy sabzavot va mevalarni qo‘shishni tavsiya qilmoqda. Bunday mahsulotlar nafaqat allergiya, balki umumiy immunitetni mustahkamlashga ham yordam beradi.

Yangiliklardan xabardor bo‘lib boring — Zamin.uz bilan qoling!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo