Bir kurtka uchun 8,5 million dollar: Maykl Jekson buyumlari savdoda!

Amerikalik afsonaviy xonanda Maykl Jeksonga tegishli 100 dan ortiq shaxsiy buyum auksion savdosiga qo‘yildi. Ular orasida san’atkorning sahna liboslari, musiqiy kliplarda kiygan kiyimlari, turli aksessuarlari hamda 1986 yilda qo‘lga kiritgan “American Music Awards” mukofoti ham bor.
BAKU.WS nashrining auksion tashkilotchisi — “Julien's Auctions” rasmiy saytidagi ma’lumotlarga tayanib xabar berishicha, savdoga qo‘yilgan buyumlar orasida eng katta qiziqish uyg‘otgani “Thriller” klipida Maykl Jekson kiygan qizil charm kurtka bo‘lmoqda. 1983 yilda suratga olingan ushbu klipdagi mashhur libos uchun bildirilgan takliflar qiymati 8,5 million dollarga yetgan.
Xonandaning “American Music Awards” mukofoti ham xaridorlar e’tiborini tortgan. Unga 30 dan ortiq taklif kelib tushgan bo‘lib, so‘nggi bildirilgan narx 7 ming dollarni tashkil etmoqda.
Jami 110 ta lot savdoga chiqarilgan. Ularning asosiy qismini Maykl Jeksonning konsertlarda kiygan liboslari, videokliplarda foydalangan buyumlari va shaxsiy aksessuarlari tashkil etadi.
Auksion 7–9 dekabr kunlari Abu-Dabida o‘tkaziladigan “Julien's Celebrity & Pop Culture Experience” tadbiri doirasida tashkil etilmoqda.
Ma’lumot uchun, Maykl Jekson faoliyati davomida 13 marotaba “Grammy” mukofotiga sazovor bo‘lgan. Shuningdek, u 1993 yilda “Afsona” faxriy mukofotini, 2010 yilda esa vafotidan so‘ng “Umr bo‘yi erishilgan yutuqlar uchun” mukofotini olgan. Xonandaning albomlari va musiqiy yozuvlari dunyo bo‘ylab 1 milliard nusxadan ortiq sotilgan.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar

































Izohlar0
…