
Mojaro, millionlab da’volar, sud zalidagi ko‘z yoshlar — ba’zan yulduzlarning shaxsiy fojialari mashhurligiga ularning hitlari va rollari ham bas kelolmaydi.
Kim Kardashyan va Rey Jey: “tarqatilgan” video voqeasi

Bugun Kim Kardashyan pop-madaniyat ramzi va milliarderga aylangan, ammo doim shunday bo‘lmagan. 2000 yillar boshida Kim Peris Hiltonning oddiy stilisti bo‘lib, ba’zan teleko‘rsatuvlarda ko‘rinib turardi. Taqdir uni reper Rey Jey bilan uchrashtirdi. Ularning munosabatlari atigi bir necha yil davom etdi, biroq shov-shuvli ajralish shou-biznesdagi porloq karyera uchun poydevor bo‘ldi.
2007 yilda Kim va Jey ajrashgandan so‘ng, tarmoqda juftlikning ochiq mazmundagi videosi paydo bo‘ldi. Uni kattalar uchun filmlar ishlab chiqaruvchi Vivid Entertainment kompaniyasi e’lon qildi. Kim darhol sobiq yigitini o‘zining ruxsatisiz videoni sotganlikda aybladi. Shu bilan hozirgacha yulduzlarni ta’qib etayotgan voqealar zanjiri boshlandi.

Hozirda ko‘pchilik muxlislar Reyning videoni tarqatmagani haqidagi bayonotiga ishonmoqda. Kim va uning onasi Kris Jenner Vivid Entertainment bilan shartnoma tuzgan. Bu mantiqqa to‘g‘ri keladi: chunki mojaro Keeping Up With The Kardashians realiti-shousi efirga chiqishidan oldin boshlandi, natijada shou misli ko‘rilmagan reytinglarni zabt etdi.
Ish sudgacha yetib bormadi — tomonlar mojaroni sud zalidan tashqarida hal qildi. Ammo “ataylab tarqatilgan” video haqidagi mish-mishlar hali ham Kimni ta’qib etmoqda. Lekin bir narsa aniq: Kim va opa-singillarining olamshumul shuhratida mazkur video muhim rol o‘ynadi.
Rianna va Kris Braun: zo‘ravonlik, sudlar, qabul qilish

2000 yillarning oxirida Rianna va Kris Braun eng ko‘p muhokama qilingan juftliklardan biri bo‘ldi — Kris sevgilisini kaltaklagandi. Bundan tashqari, boshqa shok qiluvchi tafsilotlar ham ma’lum bo‘ldi. Ikkalasi ham yigitning xiyonatidan keyin munosabatlari buzila boshlaganini tan olishdi. Rianna unga ishonchini yo‘qotdi va Kris tobora tajovuzkor bo‘lib bordi.
“Uning ko‘zlarida jon yo‘q edi, faqat bo‘shliq bor edi. U o‘zini yo‘qotib qo‘ygandi. Men unga qarardim-u, odamni ko‘rmasdim. Yuzim shishib ketgandi, qon oqardi va tashqaridan kimdir politsiyani chaqirdi”, deydi xonanda o‘sha mudhish oqshomdagi voqealarni eslab. Kris uni mashinada kaltaklagan, Rianna menejeriga qo‘ng‘iroq qilmoqchi bo‘lganida esa telefonini derazadan uloqtirib yuborgan.

Kaltaklangan Riannaning suratlari butun dunyoga tarqalgandan so‘ng, reper qamoqqa olindi va aybini tan oldi. Reper shartli ravishda 5 yilga ozodlikdan mahrum etildi va jamoat ishlariga jalb qilindi. Ularning xavfli munosabati shu bilan tugamadi — juftlik 2012 yilda yarashdi. Yaxshiyamki, yangi munosabatlar uzoq davom etmadi va jarohatlarsiz yakunlandi. Hozirda Rianna ham, Kris ham oilaviy baxtga erishgan. Ular o‘rtasida iliq do‘stona munosabat mavjud.
Kardi Bi Tasha K'ga qarshi: to‘rt yillik yolg‘on va suddagi “janglar”

Qo‘shiqchi Kardi Bi tanqidlarga e’tiborsizligi bilan mashhur bo‘lsa-da, bloger Tasha K uni to‘rt yil davom etgan va san’atkorning faoliyatini xavf ostiga qo‘ygan janjalga tortishga erishdi.
Bu voqea 2019 yilda boshlandi. O‘sha paytda Tasha K mashhurlar haqidagi g‘iybatli videolari bilan millionlab ko‘rishlarni to‘plardi. U Kardi Bi haqida o‘ndan ortiq video tayyorlagan bo‘lib, ularda qo‘shiqchini eriga xiyonat qilishda, fohishalikda va giyohvandlikda ayblagan. Bloger nafaqat qo‘shiqchining o‘zi, balki uning oilasi haqida ham haqoratli uydirmalar to‘qigan. Bunga chidolmagan Kardi Tasha K'ni tuhmat uchun sudga berdi. U sog‘lig‘ini tiklash uchun psixoterapevt bilan uzoq vaqt ishlashiga to‘g‘ri keldi.

Dastlab bloger o‘z bayonotlari yolg‘on ekanini tan olgan, biroq keyinchalik so‘zlaridan qaytgan. Natijada Kardining tanqidchilar bilan ko‘p yillik kurashi g‘alaba bilan yakunlandi. Sud blogerni qo‘shiqchiga qariyb 4 million dollar miqdorida tovon puli to‘lashga majbur qildi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!