
AQSh prezidenti Donald Tramp 2025 yilda mamlakatdan 1 millionga yaqin noqonuniy muhojirni deportatsiya qilishni rejalashtirmoqda, deb The Washington Post xabar berdi.
Agar bu reja amalga oshsa, bu AQSh tarixidagi eng yirik deportatsiya bo‘ladi. Bungacha rekord Barack Obama davrida qayd etilgan bo‘lib, bir yilda 400 mingdan ortiq muhojir deportatsiya qilingan.
Biroq ekspertlar bu rejani amalga oshirish oson emasligini ta’kidlashmoqda. Chunki moliyaviy mablag‘, yetarli xodimlar va sud tizimi imkoniyatlari cheklangan. Qolaversa, ko‘plab muhojirlar chiqarib yuborish qaroriga qarshi sudga murojaat qilishi mumkin.
Rejani ishlab chiqishda Tramp ma’muriyatining a’zosi Stiven Miller faol ishtirok etgan. U DHS va boshqa idoralar bilan hamkorlik qilgan.
1,4 million muhojirga chiqarib yuborish qarori chiqarilgan, lekin ayrim davlatlar ularni qabul qilishdan bosh tortgan. AQSh hozirda bu borada 30 ta davlat bilan muzokaralar olib bormoqda.
TIV ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda 975 nafar o‘zbekistonlik deportatsiya qilinadi. 2025 yil fevralda 7 nafar fuqaro Nyu-York–Toshkent reysi orqali, mart oyida esa yana 10 nafar fuqaro qaytarilgan. 2023 sentyabrdan 2024 sentyabrgacha 572 kishi AQShdan deportatsiya qilingan.
Bundan tashqari, AQShda CBP Home nomli mobil ilova ishga tushirildi. U noqonuniy muhojirlarga hibsga olinmasdan, o‘z ixtiyori bilan chiqib ketish va keyinchalik qonuniy qaytish imkonini beradi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!