date
views 284

Xitoy AQSH bilan kelishuvga kirishayotgan davlatlarga keskin ogohlantirish berdi

Xitoy AQSH bilan kelishuvga kirishayotgan davlatlarga keskin ogohlantirish berdi
Xitoy Savdo vazirligi vakili mamlakat manfaatlariga zarar yetkazadigan kelishuvlarni amalga oshirayotgan davlatlarga keskin javob choralari ko‘rilishini bildirdi.

“Xitoy har qanday mamlakatning o‘z milliy manfaatlariga ziyon yetkazuvchi bitimlarga qo‘l urishini qabul qilmaydi va buni qat’iy rad etadi. Agar shunday vaziyat kuzatilsa, biz bir xil darajada keskin va qat’iy choralar bilan javob qaytaramiz”, – deyiladi vazirlik bayonotida.

Ushbu bayonot AQSH ma’muriyatining Xitoyga qarshi iqtisodiy bosimni kuchaytirish va uning iqtisodiyotini izolyatsiya qilish maqsadida boshqa davlatlar bilan savdo va tariflar bo‘yicha muzokaralar olib borish rejasiga qarshi javob sifatida berildi.

Amerikaning mashhur nashri The Wall Street Journal ma’lum qilishicha, Oq uy boshqa davlatlarni Xitoy iqtisodiyotini cheklashda hamkorlik qilishga majbur qilish uchun ularga AQSH bilan o‘rnatilgan tarif va savdo to‘siqlarini yumshatishni taklif qilmoqda.

Xitoy Savdo vazirligi o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilishga qodir ekanini qayta-qayta ta’kidlamoqda. Shu bilan birga, vazirlik xalqaro savdoda adolat buzilishi va “o‘rmon qonuni” qaytishi butun dunyo mamlakatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishidan ogohlantirdi.

“Xitoy har qanday tahdidga qarshi turishga va xalqaro savdo tizimidagi adolatni himoya qilishga tayyor”, – deya qo‘shimcha qildi vazirlik vakili.

Shunday qilib, Xitoy xalqaro iqtisodiy munosabatlarda o‘z pozitsiyasini ochiq-oydin e’lon qilib, o‘z milliy manfaatlari va huquqlarini himoya qilish yo‘lida hech qanday cheklovlarni qabul qilmasligini ko‘rsatmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xitoy AQSH bilan kelishuvga kirishayotgan davlatlarga keskin ogohlantirish berdi