
Hindistonning shimoliy qismida joylashgan Jammu va Kashmir hududida dahshatli otishma sodir bo‘ldi. Fojia oqibatida o‘nlab sayyohlar hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda mamlakat mudofaa vazirligi va xavfsizlik xizmatlaridagi manbalarga tayangan holda News18 telekanali xabar tarqatdi.
Qayd etilishicha, mudhish hodisa Paxalgam shahridagi mashhur Boysaron vodiysida yuz bergan. Bir guruh sayyohlar so‘qmoq yo‘l orqali balandlikka ko‘tarilayotganda, kutilmaganda qurollangan shaxslar ularga qarata o‘t ochgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, otishma natijasida kamida 27 kishi, shu jumladan ikki nafar xorijlik ham halok bo‘lgan.
Fojeadan so‘ng zudlik bilan politsiya va tibbiyot xodimlari voqea joyiga yetib kelgan. Ayni vaqtda mahalliy rasmiylar ushbu hodisani terrorchilik harakati sifatida baholamoqda.
Hindiston ommaviy axborot vositalarining yozishicha, qurbonlar soni yanada ortadigan bo‘lishi mumkin. Hukumat organlari hozircha aniq qurbonlar va jabrlanganlar soni bo‘yicha rasmiy bayonot bermagan.
Ayni paytda Saudiya Arabistonida xizmat safarida bo‘lgan Hindiston bosh vaziri Narendra Modi fojia haqida xabar topgan zahoti ichki ishlar vaziri Amit Shoh bilan bog‘lanib, undan zudlik bilan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirishni va voqea sodir bo‘lgan hududga shaxsan yetib borishni so‘ragan.
«Biz terrorchilikka qarshi kurashda yanada qat’iy bo‘lamiz va bunday hujumlar mamlakatimizning irodasini sindira olmaydi», – deya ta’kidladi Narendra Modi o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Ichki ishlar vaziri Amit Shoh esa jinoyatni amalga oshirganlar jazosiz qolmasligini qayd etdi. Shu munosabat bilan u Jammu va Kashmirga yo‘l olganini va u yerda xavfsizlikni ta’minlashga mas’ul barcha idoralar bilan favqulodda yig‘ilish o‘tkazilishini ma’lum qildi.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, sayyohlarga bir necha qurollangan kishilar harbiy formada hujum qilgan. Hujumchilar otishmadan keyin hodisa joyidan qochib ketishga muvaffaq bo‘lgan. Ayni damda Hindiston xavfsizlik kuchlari hududni to‘liq o‘rab olgan va terrorchilarni izlash ishlarini faol olib bormoqda.
Shuningdek, mahalliy OAVning ma’lumotiga ko‘ra, ushbu dahshatli hujum uchun javobgarlikni «Qarshilik fronti» nomi bilan tanilgan guruh o‘z zimmasiga olgan.
Hozircha vaziyat tarangligicha qolmoqda, hukumat qurbonlar haqidagi aniq ma’lumotlarni tez orada e’lon qilishi kutilmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar