
Bugun, 25 aprel kuni Kashmir hududida Hindiston va Pokiston o‘rtasida vaziyat keskinlashib, qurolli to‘qnashuvlar boshlandi. Bu haqda Press Trust of India agentligi xabar tarqatdi.
Hozircha jabrlanganlar yoki qurbonlar haqida rasmiy ma’lumot berilmagan bo‘lsa-da, ikki tomon ham yengil va og‘ir turdagi qurollarni ishga solib, jang harakatlarini kengaytirmoqda.
Sky News'ga intervyu bergan Pokiston mudofaa vaziri Havaja Asif, ikki yadro quroliga ega davlat o‘rtasidagi bu kabi keskin qarama-qarshilik butun jahon hamjamiyatining jiddiy xavotirlariga sabab bo‘lishi kerakligini urg‘ulagan.
Hindiston tomonidan esa qiruvchi va radiolokatsion razvedka samolyotlari havoga ko‘tarilgani vaziyat yanada keskin tus olganini hamda harbiy harakatlar hududining kengayayotganini tasdiqlaydi, deb xabar bermoqda mahalliy manbalar.
Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi Kashmir mojarosi ko‘p yillik tarixga ega bo‘lib, ikki davlat ushbu hudud uchun ilgari ham bir necha marta to‘g‘ridan to‘g‘ri urush holatiga kelgan. Ikkala mamlakat ham bugungi kunda dunyodagi eng ko‘p yadroviy qurolga ega davlatlar qatoriga kiradi va ushbu mojaroning kengayishi jahon miqyosida xavfli vaziyatni keltirib chiqarishi mumkinligidan xavotir bildirilmoqda.
Hozircha har ikki tomon ham xalqaro hamjamiyatga vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilishga tayyor ekanini ma’lum qilgan emas. Aksincha, Kashmirda harbiy harakatlarning kuchayishi jahon OAVlari va diplomatik doiralarda jiddiy tashvish bilan kuzatilmoqda.
Hindiston mudofaa vazirligi va Pokiston harbiy kuchlari matbuot xizmati ham vaziyat bo‘yicha hozircha rasmiy bayonot berishmadi. Xalqaro kuzatuvchilar va siyosiy tahlilchilar esa, mazkur qarama-qarshilikni diplomatik yo‘l bilan hal qilish zarurligi haqida murojaatlarni kuchaytirmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar