date
views 252

Tramp: Ukraina NATOga intilib, urushni o‘zi boshlab berdi

Tramp: Ukraina NATOga intilib, urushni o‘zi boshlab berdi
AQSH prezidenti Donald Tramp Ukraina NATO a’zoligiga intilishi Rossiya bilan mojaroga sabab bo‘lganini ma’lum qildi. U bu haqda Time jurnaliga Oq uy rahbari sifatida ish boshlaganining 100 kunligi munosabati bilan bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Tramp suhbatda Ukraina NATOga qo‘shilish imkoniga ega emasligini ta’kidlab, aynan shu mavzudagi gap-so‘zlar urushning boshlanishiga turtki bo‘lganini qayd etdi.

«Ukrainaning NATOga kirishiga hech qanday imkon yo‘q. Urushning sababi ham aynan shu – Ukraina NATOga qo‘shilishni xohlay boshlaganidan kelib chiqdi», — dedi Amerika rahbari intervyu davomida.

Uning fikricha, agar NATO a’zoligi mavzusi muhokama qilinmaganida, ehtimol, bugungi kundagi mojaro sodir bo‘lmagan bo‘lardi.

«Agar bu masala ko‘tarilmaganida, mojaro boshlanmasligi ehtimoli kattaroq bo‘lardi», — deb qo‘shimcha qildi Tramp.

Shuningdek, AQSH rahbari mojaro tinch yo‘l bilan hal qilinganidan keyin ham Qrim yarimoroli Rossiya tarkibida qolishini aytib o‘tdi.

«Biz Qrim haqida gapirishimiz kerak, chunki bu masala doimo ko‘tariladi. Qrim Rossiya tarkibida qoladi. Buni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham, boshqalar ham juda yaxshi tushunadi. Chunki Qrim anchadan buyon Rossiyaning bir qismi bo‘lib kelmoqda», — dedi u.

Tramp suhbat davomida Ukraina mojarosini faqat o‘zi tinch yo‘l bilan hal qilishga qodir ekanini ta’kidladi.

«Biz muzokaralarni juda yaxshi o‘tkazdik va kelishuvga yaqinmiz. Mening fikrimcha, bu kelishuvni mendan boshqa hech kim amalga oshira olmaydi», — deya qayd etdi Tramp.

U intervyu davomida tinchlik bitimi bo‘yicha kelishuvga erishish imkoniyati faqat o‘ziga tegishli ekaniga ishonch bildirdi.

«Muzokaralar orqali tinchlikni faqat men o‘rnata olaman deb o‘ylayman. Boshqa birov bu kelishuvni amalga oshirishi mumkinligiga ishonmayman», — deya ta’kidladi Donald Tramp.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp: Ukraina NATOga intilib, urushni o‘zi boshlab berdi