
Foto: AFP
Eron janubidagi eng yirik portlardan biri bo‘lgan Bandar-Abbos shahrida 28 aprel kuni ro‘y bergan dahshatli portlash qurbonlari soni tobora oshib bormoqda. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, fojia oqibatida 36 kishi halok bo‘lgan, 1200 nafardan ziyod odam turli darajadagi jarohatlar olgan.
Port hududida sodir bo‘lgan portlashdan keyin avvaliga alanga olgan yong‘in qisqa vaqt ichida nazoratga olingandi. Biroq portning sharqiy qismida saqlanayotgan bir qancha konteynerlarda bitum va turli kimyoviy moddalarning mavjudligi sababli, yong‘in yanada avj olib ketgan va uni o‘chirish qiyinlashgan.
Eron rasmiylari portlash sababini tergov qilishga kirishdi va dastlabki taxminlarga ko‘ra, hodisa harbiy vositalar bilan bog‘liq emasligini ta’kidlashdi. Mahalliy OAVlar tarqatgan videolarda portlashning dahshatli ko‘rinishi, osmonda qo‘ziqorin shaklida ulkan bulut hosil bo‘lgani va port atrofidagi bir necha kilometr radiusdagi binolarning derazalari singanini ko‘rish mumkin.
Eron sog‘liqni saqlash vazirligi voqea sodir bo‘lgan Ho‘rmuzgon viloyatida favqulodda vaziyat e’lon qilib, aholiga uylarda qolish, binolarning derazalarini yopish va niqob taqib yurishni qat’iy tavsiya qildi.
Mamlakat prezidenti Mas’ud Pizishkiyon vaziyatni shaxsan nazorat qilish va portlash sabablarini aniqlash maqsadida mamlakat ichki ishlar vaziri tezkor ravishda hududga yuborilganini ma’lum qildi. Prezident, shuningdek, portlash oqibatida qurbon bo‘lganlar yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi va fojianing barcha jihatlari chuqur tekshirilishi va’da qilindi.
Xalqaro hamjamiyat ham Eronga o‘z yordamini taklif etmoqda. Jumladan, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Eron rahbariyatiga va xalqqa hamdardlik bildirib, yong‘inni o‘chirish uchun amaliy yordam ko‘rsatilishini ma’lum qildi. Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligining ikki maxsus samolyoti – Be-200CHS amfibiya samolyoti hamda Il-76 harbiy-transport samolyoti port hududiga yordam uchun jo‘natilishi kutilmoqda.
Hozirda portdagi vaziyatni barqarorlashtirish va yong‘inni batamom o‘chirish bo‘yicha chora-tadbirlar faol davom ettirilmoqda. Eron jamoatchiligi va butun dunyo mamlakatning janubida yuz bergan ushbu ayanchli voqeadan xavotirda. Portlash sabablari va unga aloqador holatlar haqida tergov ishlari davom etadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar