
Saudiya Arabistoni hukumati ruxsatnomasiz haj ziyoratini amalga oshirishga uringan shaxslar va ularga yordam berganlarga nisbatan jazo choralarini yanada qattiqlashtirdi. Yangi qoidalar 29 apreldan kuchga kirgan bo‘lib, bu haqda Saudi Gazette nashri xabar tarqatdi.
Endilikda Makka va Madina shaharlariga faqat maxsus haj vizasi asosida kirish mumkin. Boshqa turdagi vizalar bilan yoki ruxsatnomasiz ziyoratni amalga oshirishga harakat qilganlarga jiddiy jazo choralari ko‘riladi.
Qonunbuzarlik holatlari uchun belgilangan jazo choralari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
1. Haj ziyoratini ruxsatnomasiz amalga oshirgan yoki shunga uringanlarga 20 000 Saudiya rialigacha (taxminan 5,3 ming AQSH dollari) jarima belgilanadi. Shuningdek, turli xil tashrif vizalari bilan Makkaga va muqaddas maskanlarga kirganlarga ham xuddi shunday jazo choralari qo‘llaniladi.
2. Ruxsatsiz ziyorat qilishga urinayotgan shaxslarga tashrif vizasi olib berishda yordamlashgan, ularga yashash yoki yashirin turish uchun joy ajratgan, yoki ushbu shaxslarni shaharga olib borgan shaxslarga 100 000 Saudiya rialigacha (taxminan 26 ming AQSH dollari) jarima belgilanadi. Bu jarima har bir qonunbuzarlik holati uchun alohida hisoblanadi.
3. Makkaga ruxsatsiz kirgan va haj ziyoratini amalga oshirishga uringan chet el fuqarolari, shu jumladan, vizasi muddati o‘tganlar ham o‘z vatanlariga deportatsiya qilinadi va ularga 10 yil davomida Saudiya Arabistoniga kirish taqiqlanadi.
4. Haj uchun ruxsatnomasi bo‘lmaganlarni Makkaga olib borgan transport vositalari sud qarori bilan musodara qilinadi.
Shu bilan birga, Saudiya Arabistoni Turizm vazirligi 2025 yilgi haj mavsumiga tayyorgarlik davomida maxsus bayonot bilan chiqib, 10 iyunga qadar Makkada ruxsatnomasiz ziyoratchilarni yashash joylari, mehmonxonalar yoki boshqa turar joylarga joylashtirish qat’iyan taqiqlanganligini e’lon qildi.
Bu choralar mamlakatda tartib va xavfsizlikni saqlash hamda haj amalini rasmiy yo‘l bilan amalga oshiruvchi ziyoratchilarga qulaylik yaratish maqsadida joriy etilgan. Saudiya rasmiylari aholidan va xorijlik mehmonlardan yangi qoidalarga rioya qilishni va belgilangan tartiblarni buzmaslikni talab qilmoqda.
O'zbekiston yangiliklari Saudiya ArabistoniHaj ZiyoratiRuxsatsiz KirishJazo ChoralariMakka MadinaMaxsus Haj Vizasi Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar