date
views 49

Niderlandiyada 50 million yevrolik kartina tasodifan shikastlandi

Niderlandiyada 50 million yevrolik kartina tasodifan shikastlandi
Niderlandiyaning Rotterdam shahrida joylashgan mashhur Boymans van Beningen muzeyida ko‘ngilsiz hodisa sodir bo‘ldi. BBC xabar berishicha, muzeyning maxsus ekspozitsiya zali — Depot'da amerikalik taniqli rassom Mark Rotkoning «Grey, Orange on Maroon, No.8» nomli juda qimmatli kartinasini yosh bola tasodifan shikastladi.

Ma’lum qilinishicha, muzeydagi ombor-zalda kolleksiyadan saralab olingan asarlar ko‘rgazmaga qo‘yilgan bo‘lib, voqea aynan shu yerda yuz bergan. Hodisa sodir bo‘lgan paytda muzey xodimlari asarni kuzatmayotgan bo‘lgan, natijada kartinaning pastki qismida lak bilan qoplanmagan hududida bir nechta mayda tirnalishlar yuzaga kelgan.

Muzey vakillari shikast yetarli darajada yuzaki ekanini ta’kidlashmoqda, ammo ekspertlar guruhi kartinani qayta tiklash bo‘yicha eng maqbul yechim topish uchun tahlil ishlarini boshlab yuborishgan. Hozirda Niderlandiya va xorijlik restavratorlar asarni avvalgi holatiga qaytarish bo‘yicha birgalikda ish olib borishmoqda. Tiklash jarayonidan keyin kartina yana keng jamoatchilik e’tiboriga taqdim etiladi.

Restavratsiya mutaxassislari tomonidan ta’kidlanishicha, zamonaviy san’at asarlari, jumladan, Mark Rotkoning kartinalari lak qatlami bilan himoyalanmaganligi tufayli hatto eng kichik zararlarga ham juda sezgir bo‘ladi. Ushbu turdagi asarlarni tiklash jarayoni rassom tomonidan foydalanilgan maxsus bo‘yoq va yelimlarning tarkibi sababli ancha murakkablashadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2024 yil sentyabr oyida Vinsent Van Gogning mashhur «Kungaboqarlar» asariga sho‘rva sepib, shikast yetkazgan faollar ozodlikdan mahrum qilingan edi. Sud jarayonida o‘zini himoya qilgan ayblanuvchilardan biri bu jazo nafaqat faollarga, balki «demokratiya asoslariga qarshi qaratilgan harakat» ekanini ta’kidlagan edi.

Hozircha Boymans van Beningen muzeyida yuz bergan ushbu tasodifiy hodisa qanday huquqiy oqibatlarga olib kelishi ma’lum qilinmagan. Ammo shunday hodisalar dunyodagi yirik muzeylarning san’at asarlariga nisbatan xavfsizlik choralarini yanada kuchaytirishga undashi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Niderlandiyada 50 million yevrolik kartina tasodifan shikastlandi