
Foto: Telegram / borys_filatovv
30 aprel, chorshanbaga o‘tar kechasi Rossiya tomonidan uchuvchisiz uchoqlar orqali amalga oshirilgan ommaviy hujumlar Ukrainada jiddiy vayrongarchiliklarga sabab bo‘ldi. Xususan, Dnipro va Xarkiv shaharlari jiddiy zarar ko‘rdi, qurbonlar va yaralanganlar borligi ma’lum qilindi. Bu haqda Dnipro viloyat harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Lisak hamda shahar meri Boris Filatov o‘zlarining Telegram'dagi sahifalarida xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Dnipro shahrida sodir bo‘lgan hujumda bir kishi halok bo‘lgan, yana bir kishi esa turli darajadagi jarohat olgan. Hujum oqibatida kamida beshta xususiy turar-joy binosi shikastlangani qayd etilmoqda.
Xarkiv shahar meri Igor Terexovning xabar berishicha, shu tunda Xarkiv ham Rossiya uchuvchisiz uchoqlarining keng qamrovli hujumiga uchragan. Uning ta’kidlashicha, shaharga berilgan zarbalar oqibatida kamida 39 kishi turli darajada tan jarohati olgan.
Xarkiv viloyati OHM rahbari Oleg Sinegubov jabrlanganlar orasida besh yoshli qizaloq, 16 yoshli o‘smir va 24 yoshli homilador ayol borligini ma’lum qildi.
Hujum mahalliy vaqt bilan kechasi soat 23:26 da boshlangan va shaharga umumiy 16 ta zarba berilgan. Zarba natijasida ko‘p qavatli va xususiy turar-joy binolari, tibbiyot muassasasi hamda boshqa fuqarolik infratuzilmalariga katta zarar yetgani ma’lum qilindi.
Xarkiv viloyati prokuraturasi qurolli mojarolarda sodir etilgan jinoyatlarga qarshi kurash bo‘limi boshlig‘i Spartak Borisenkoning so‘zlariga ko‘ra, zarbalar Xarkivning Slobodskoy, Shevchenko, Kiyev, Saltovskiy hamda Nemishlyanskiy tumanlariga qaratilib, jiddiy vayrongarchiliklarga olib kelgan.
«Suspilne Xarkiv» Telegram kanali Rossiyaning Xarkivga bergan zarbalarining oqibatlari aks etgan fotosuratlarni chop etdi. Ular orasida oynalari sinib ketgan ko‘p qavatli uylar, yongan mashinalar va vayron bo‘lgan ko‘chalar aks etgan.
Ayni vaqtda mahalliy hokimiyat va qutqaruvchilar tomonidan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatilmoqda. Hodisa yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan surishtiruv va hujum oqibatlarini bartaraf etish ishlari boshlangan.
O'zbekiston yangiliklari Ommaviy HujumRossiya UkrainaXarkiv ShahriDnipro ViloyatiYaralanganlar BorFuqarolik Infratuzilmalari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar