
Rossiya hududiga so‘nggi paytlarda Shimoliy Koreyadan ishchi kuchi oqimi sezilarli darajada ko‘paydi. Janubiy Koreya razvedka xizmati ma’lumotlariga tayanib, Amerikaning The Wall Street Journal nashri tarqatgan xabarga ko‘ra, yaqin oylar ichida Rossiyaga taxminan 15 mingga yaqin shimoliy koreyalik mehnat muhojiri kelgan.
Qayd etilishicha, Shimoliy Koreya fuqarolarining aksariyati Rossiya Federatsiyasiga asosan talaba vizalari bilan kirgan, bu esa ularning mamlakatga kelishini yengillashtirgan. Ma’lumotlarga qaraganda, janubiy koreyalik razvedkachilar mazkur xabarni mamlakat qonun chiqaruvchilari bilan 30 aprel kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda taqdim etgan.
Ayni paytda ko‘p sonli shimoliy koreyalik ishchilar Rossiyaning Uzoq Sharq mintaqalarida mehnat qilmoqda. Biroq Rossiya ish beruvchilari va mahalliy hukumat vakillari kelgusida bu ishchilarning Moskva kabi katta shaharlarga ham ko‘chib kelishiga umid bildirmoqda.
Rossiyalik ish beruvchilar shimoliy koreyalik ishchilarni asosan arzan mehnat kuchi sifatida yuqori baholashadi. WSJ xabariga ko‘ra, bu ishchilar kam maosh evaziga kuniga 12 soatgacha ishlashga rozi bo‘ladigan mehnat muhojirlari sifatida yaxshi tanilgan.
The Wall Street Journal shuningdek, Rossiya rasmiylari bergan ma’lumotlarga tayanib, 2024 yilning boshidan buyon Rossiyaga kirib kelgan Shimoliy Koreya fuqarolarining soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 12 baravar oshib ketganini ta’kidladi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Xavfsizlik Kengashi Shimoliy Koreya fuqarolarini chet davlatlarda mehnat muhojirlari sifatida ishlatishni qat’iy taqiqlagan bo‘lsa-da, Rossiya va Xitoy bir necha marta ushbu taqiqni chetlab o‘tgani aytilmoqda. Bu holat xalqaro maydondagi munosabatlarga ta’sir qilishi ham mumkinligi aytiladi.
Bunday vaziyatning yuzaga kelishi Rossiyaning mehnat bozoridagi muammolarga ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ukraina bilan urush natijasida yuzaga kelgan ishchi kuchi taqchilligi sharoitida, Rossiya iqtisodiyoti arzon va uzoq muddatli ishchilarga ehtiyoj sezmoqda. Bu ehtiyojni qondirish uchun esa, shimoliy koreyalik muhojirlar yaxshi imkoniyat sifatida qabul qilinmoqda.
Shimoliy Koreya fuqarolarining Rossiyaga ommaviy kirib kelishi xalqaro siyosiy bahslarning yana bir sababi bo‘lishi ehtimoldan yiroq emas. AQSH va uning ittifoqchilari ushbu holatni jiddiy xavf sifatida baholab, BMTning mavjud sanksiyalari buzilayotganini yana bir bor ko‘rsatmoqda.
Ayni paytda Rossiya hukumati bu masala yuzasidan rasmiy izoh bermagan, ammo vaziyat yanada kuchaysa, bu masala xalqaro tashkilotlar kun tartibidagi asosiy mavzulardan biriga aylanishi mumkin. Bu esa Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalar yoki diplomatik bosimlarni keltirib chiqarishi ehtimoldan xoli emas.
Foto: Interpress / PhotoXPress “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar