date
views 50

Qatiq, murabbo va yadro quroli. Putin yangi filmda nimalar dedi?

Qatiq, murabbo va yadro quroli. Putin yangi filmda nimalar dedi?
Rossiya prezidenti Vladimir Putin haqida navbatdagi hujjatli film namoyish etildi. Rossiya davlat kanallarida «Rossiya. Kreml. Putin» degan butun boshli rukn bo‘lib, bu mavzuda ko‘p filmlar namoyish etilgan. Bu galgi hujjatli film Rossiya qo‘shnisi Ukraina yerlarini egallash uchun to‘rtinchi yil urushayotgan bir vaqtda ko‘rsatilgani uchun undagi ba’zi jihatlarga to‘xtalamiz.

Film «Rossiya. Kreml. Putin. 25 yil» deb nomlanadi. Aynan 25 yil avval Putin ilk marta Rossiya prezidenti bo‘lgandi. Keyinchalik u 5 marta prezidentlik saylovlarini yutib, Rossiyaning o‘zgarmas prezidenti sifatida mamlakatni boshqarib keldi. Orada Dmitriy Medvedev prezident bo‘lgan to‘rt yillikda ham Rossiyani aslida kim boshqarganini barcha rossiyaliklar yaxshi biladi.

Film nomidagi 25 yil aslida Putin chorak asr avval davlat tepasiga kelganini ifodalasa-da, bu raqam uning davlatni boshqargan yillarini bildiradi desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bu galgi intervyu-filmda Putinning suhbatdoshi oxirgi yillarda prezident pulidagi asosiy jurnalistga aylangan Pavel Zarubin bo‘ldi. Zarubin butun film davomida doimiy hayajonlangan, ayniqsa Putinga savol berish vaqtida undagi qo‘rquv aralash hayajon yaqqol seziladi. Axir Putin bilan gaplashishdagi sovuqqonlik va xarizma masalasida Zarubin Vladimir Rudolfovich Solovyov darajasiga chiqishiga hali ancha bor.

Qatiq, murabbo va konfet

Ko‘rsatuvning uslubi haqida ikki og‘iz. Jurnalist sifatida bunga haqqimiz bo‘lsa kerak. Xullas, mualliflar Putinni urushayotgan davlat rahbari sifatida emas, shunchaki Rossiyani boshqarayotgan prezident sifatida ko‘rsatishga uringan. Video boshida uning juda tig‘iz ish rejimiga urg‘u beriladi. Putin tungi soat ikkida ham Kremlda uchrashuv o‘tkazgan. Jurnalist Putin kun davomida 35 ta uchrashuv o‘tkazganini sanagan. Tun yarmidan oqqanda Kremlda Putinning kabinetida ekanini aytib, odamlarni ishontirishga uringandek soat millarini ham ko‘rsatib qo‘ygan.

Keyin kechasi soat ikkida Putindan ish kabinetini ko‘rsatishni so‘ragan. Rossiya prezidenti bajonidil Zarubinni o‘z kabinetiga taklif etib, hatto uni mehmon qilgan. Videodan Putinning ish kabineti ichkarisida alohida oshxona borligi ko‘rinadi. Prezident jurnalistni nima bilan mehmon qilishni bilmay, unga muzlatkichdan zardobli qatiq olib quyib bergan. Keyin Lukashenko sovg‘a qilgan konfet va murabbo bilan siylagan. Putin quyib bergan kefirda «Ekovakino» yozuvi ko‘ringach, Rossiyadagi rastalarda odamlar yoppasiga bu kefirni sotib olgan.

Jurnalistlar «Ekovakino»ni ishlab chiqaruvchi Ryazandagi «Vakinskiy agro» korxonasi bilan bog‘lanib Putin uchun maxsus kefir ishlab chiqarasizmi, deb so‘rashdi. Korxona Putin ularning mahsulotini iste’mol qilishini filmdan bilgani, u uchun alohida partiya ishlab chiqarilmasligini aytgan.

Agro mutaxassislarga ko‘ra, bu korxona mahsulotining asosiy ustunligi ular sutni o‘z fermasida ishlab chiqarishidir. Kefir idishida ham «svoya ferma» degan yozuv ajratib yozilgan. Ya’ni bu korxona boshqalardan sut sotib olib qayta ishlamaydi, faqat o‘z fermasidagi sigirlar sutini ishlatadi.

Ekspertlar «Ekovakino» zardobli qatig‘i yumshoq ekani, unda normadagidan ham kamroq achitqi solinishi, korxona qadoqlash va stirillash jarayonini to‘liq avtomatlashtirgani mahsulotdan zararlanish ehtimolini maksimal kamaytirishini e’tirof etgan.

Putinning vorisi...

Endi kefir va murabbodan siyosatga o‘tsak. Ko‘rsatuv davomida Putin aytgan eng muhim gap uning vorisi haqida bo‘ldi. Albatta, Putin falon odam mening vorisim bo‘ladi deb aytmagan, kimgadir ishora ham qilmagan. Lekin Zarubinning keyingi [prezident] kim bo‘ladi deb o‘ylaysizmi, degan savoliga javob berarkan o‘zida «nomzodlar shortlisti» borligiga ishora qilgan. Hatto ularning faoliyatini kuzatib baholab borishini ham tasdiqlagan.

Yadro quroli haqida

Aytgancha, Putinning yana bir gapini e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak. 4 may oqshomida efirga uzatilgan ko‘rsatuvda Rossiya prezidenti urush boshlanganidan buyon Moskvada yadro qurolidan foydalanish zaruriyati bo‘lmaganini aytib, kelgusida ham bunga ehtiyoj tug‘ilmasligiga umid bildirgan. Vaholanki, Rossiya urush davomida Ukrainaga qarshi yadro qurolidan foydalanish masalasini bir necha bor ko‘tardi. Hatto Kiyevga zarba berish uchun huquqiy to‘siqlarni olib tashlab, butun boshli yadro doktrinasini o‘zgartirdi, Belarus hududiga yadroviy jangovar kallaklar joylashtirildi.

Xullas, ana shunaqa gaplar. 1 soat-u 15 daqiqalik hujjatli filmning barcha tafsilotlarini aytib bersak, uning qizig‘i qolmaydi. Yaxshisi uni tomosha qiling, shunchaki emas, diqqat bilan tomosha qiling.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qatiq, murabbo va yadro quroli. Putin yangi filmda nimalar dedi?