date
views 157

Tramp Kanada haqida yana gapirdi: AQSHning 51-shtati bo‘lishi mumkinmi?

Tramp Kanada haqida yana gapirdi: AQSHning 51-shtati bo‘lishi mumkinmi?
AQSH prezidenti Donald Tramp yana Kanada bo‘yicha bahsli bayonotlari bilan e’tibor markazida. Oq uyda Kanada bosh vaziri Mark Karni bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda u Kanadaning AQSHning 51-shtatiga aylanishi ehtimolini yana bir bor tilga oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday ssenariy "ko‘plab afzalliklar"ni taqdim etishi mumkin.

Tramp shunday dedi: "Agar bu amalga oshsa, ikkala mamlakat uchun ham foydali bo‘ladi. Biz iqtisodiy, madaniy va strategik jihatdan juda yaqinmiz. Bunday yaqinlikni rasmiylashtirish tabiiy qadam bo‘lishi mumkin".

Kanada bosh vaziri Mark Karni bu bayonotga yumor bilan javob qaytarib, quyidagicha izoh berdi: "Ko‘chmas mulk sohasidan yaxshi bilasiz — ba’zi joylar bor, hech qachon sotilmaydi".

Shunga qaramay, Donald Tramp javoban "hech qachon hech qachon demaslik kerak"ligini qayd etdi va ushbu uchrashuvda mazkur masalani rasman muhokama qilish niyati yo‘qligini ma’lum qildi.

Bu birinchi marta emas. Tramp avval ham bir necha bor Kanadaga AQSHga qo‘shilish bo‘yicha takliflar bildirgan. Uning bu bayonotlari Kanadada keng muhokamaga sabab bo‘lib, mamlakatning moliya vaziri Dominik Leblan buni "o‘rinsiz shov-shuv" deb atagan. Uning ta’kidlashicha, Tramp bunday bayonotlar orqali jamoatchilik orasida sarosima uyg‘otishga harakat qilmoqda.

Prezidentning Kanadaga bo‘lgan munosabati bundan avval ham salbiy bayonotlar bilan to‘ldirilgan. U Jastin Tryudoning hukumati vakillarini ochiqcha tanqid qilib, ularni "jirkanch" deb atagan.

Bu safargi bayonot Trampning Kanadaga nisbatan munosabatidagi uzoq yillik tendensiyaning davomi sifatida ko‘rilmoqda. Siyosiy tahlilchilarga ko‘ra, Trampning bu kabi bayonotlari unga ichki siyosatda e’tibor va ovoz to‘plash uchun xizmat qilmoqda.

Kanada rasmiylari esa Trampning so‘zlarini jiddiy qabul qilmayapti va ikki davlat o‘rtasidagi strategik hamkorlikni saqlab qolish tarafdori ekanliklarini qayd etmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp Kanada haqida yana gapirdi: AQSHning 51-shtati bo‘lishi mumkinmi?