date
views 482

Pokiston Hindiston hujumiga ikki xil javob variantini ma’lum qildi

Pokiston Hindiston hujumiga ikki xil javob variantini ma’lum qildi
Pokiston Hindiston hujumiga javob zarbasi beradi, biroq qo‘shni mamlakat agressiyasini to‘xtatsa, Islomobod harbiy eskalatsiyadan tiyilishga tayyor. Bu haqda Pokiston mudofaa vaziri Xavaja Asif ma’lum qildi.

Vazir Pokiston navbatdagi qurolli mojaroda qanchalik uzoqqa borishga tayyorligi haqidagi savolga javob berdi.

Biz so‘nggi ikki hafta davomida Hindistonga nisbatan hech qanday dushmanlik harakatini boshlaganimiz yo‘q, deb tinimsiz gapirdik. Lekin bizga hujum qilishsa, javob beramiz. Agar Hindiston chekinadigan bo‘lsa, biz bu keskinlikni aniq to‘xtatamiz, dedi u.
Pokiston axborot vaziri Attaulla Tarar mamlakatning Hindiston hujumiga javobi “munosib va keng qamrovli” bo‘lganini aytdi. U Pokistonga qarshi operatsiyada bevosita ishtirok etgan harbiy obyektlar va Hindiston samolyotlari nishonga olinganini ta’kidladi.

Hindiston rasmiylari 7 mayga o‘tar kechasi Pokistondagi, shuningdek, Kashmirning Pokiston qismidagi “terrorchilik” infratuzilmasiga hujum qilib, “Sindur” operatsiyasini boshladi. Hindiston Mudofaa vazirligi bayonotiga ko‘ra, armiya Pokistondagi 9 ta obyektga zarba bergan. Ularga Baxavalpur, Muzaffarobod, Sialkot, Kotli, Muridke va boshqa shaharlardagi obyektlar kiradi. Hujumda “Pokiston qurolli kuchlarining birorta ham obyekti nishonga olinmagani” aytilgan.

Biroq Pokiston armiyasi zarbalar terrorchilarga emas, balki tinch aholi yashaydigan hududlarga berilganini ma’lum qilgan. Mamlakat havo hududini 48 soatga yopgan. Hindiston hujumi oqibatida kamida 26 kishi halok bo‘lgan, 46 kishi jarohatlangan.

Bunga javoban Pokiston Hindiston hududiga zarbalar yo‘llagan. Kashmirdagi nazorat chizig‘idagi hind postlariga zarar yetgan. Hind harbiylari tomonidan oq bayroq ko‘tarilgan. Pokiston Hindiston harbiy-havo kuchlarining beshta qiruvchi samolyotini urib tushirganini ma’lum qilgan.

Pokiston va Hindiston munosabatlari

Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar 22 aprel kuni Kashmirning Pahalgam hududida yuz bergan terrorchilik hujumi sabab keskinlashdi. Hujum oqibatida 26 kishi halok bo‘ldi. Qurolli shaxslar mahalliy aholi va sayyohlarga qarata o‘t ochdi. Hindiston Pokistonni bu hujumni qo‘llab-quvvatlashda aybladi. Pokiston mazkur da’voni rad etib, tekshiruv o‘tkazishni talab qildi.

Hindiston Pokiston bilan 1960 yildagi Hind suvlar to‘g‘risidagi shartnomani to‘xtatib, chegara bo‘ylab suv oqimini to‘xtatib qo‘ydi. Pokiston bu urush ochishga teng ekanini bildirdi. Mamlakat Hindiston bilan diplomatik va savdo aloqalarini chekladi, havo maydonini yopdi va savdo aloqalarini to‘xtatdi.

Chegara bo‘ylab kichik qurolli to‘qnashuvlar va raketa sinovlari ko‘paydi. Pokiston qisqa masofali Fatah raketasini sinovdan o‘tkazdi, Hindiston esa xavfsizlik mashg‘ulotlarini kuchaytirdi Xalqaro hamjamiyat, jumladan Qo‘shma Shtatlar, tomonlarni ziddiyatni eskalatsiya qilmaslikka chaqirib, diplomatik kanallarni tiklashga chaqirgandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Pokiston Hindiston hujumiga ikki xil javob variantini ma’lum qildi