date
views 180

Pegasus shov-shuvi davom etmoqda: AQSH sudi Isroil kompaniyasini 170 mln dollar jarimaga tortdi

Pegasus shov-shuvi davom etmoqda: AQSH sudi Isroil kompaniyasini 170 mln dollar jarimaga tortdi
AQSHda josuslik faoliyati bilan bog‘liq muhim sud ishi o‘z yakuniga yetdi. Kaliforniya okrug sudi WhatsApp messenjeri va uning egasi Meta kompaniyasi foydalanuvchilari xavfsizligiga tahdid solgan Pegasus dasturini ishlab chiqargan Isroilning NSO Group kompaniyasini javobgar deb topdi va unga 170 million dollarga yaqin tovon to‘lash majburiyatini yukladi. Bu haqda Politico nashri ma’lum qildi.

Mazkur sud ishi 2019 yil oktyabrda boshlangan bo‘lib, aynan o‘sha yili NSO Group tomonidan WhatsApp'dagi zaifliklar orqali 1,4 mingdan ziyod smartfonlarga Pegasus josuslik dasturi yoyilgani aniqlangan. Bu qurilmalar orasida jurnalistlar, inson huquqlari himoyachilari, shuningdek, Bahrayn, BAA va Meksika kabi davlatlar diplomatlarining telefoni ham bo‘lgan.

Meta'ning rasmiy ma’lumotida ta’kidlanishicha, sud qarori kompaniyaning xavfsizlik bo‘yicha qilgan harakatlari samarasi bo‘lib, endi NSO Group WhatsApp'ga har qanday ko‘rinishdagi hujumlarni amalga oshirishdan chetlashtiriladi. Shuningdek, Meta NSO Group tomonidan to‘lanadigan mablag‘larni raqamli huquqlar va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qiladigan xalqaro tashkilotlarga yo‘naltiradi.

NSO Group tomonidan esa Pegasus dasturiga bo‘lgan tanqidlarga raddiya berildi. Kompaniya vakillarining ta’kidlashicha, dastur faqat terrorizm va og‘ir jinoyatlarning oldini olish maqsadida davlat hukumatlari tomonidan mas’uliyat bilan qo‘llaniladi. Ular Pegasus'ni xususiy foydalanuvchilarga emas, balki faqat hukumat organlariga sotishini va har qanday qo‘pol suiiste’molga qarshi kurashishga tayyor ekanliklarini ta’kidlashdi.

Pegasus dasturi 2021 yilda eng shov-shuvli axborot xavfsizligi mavzularidan biriga aylangan edi. Ma’lum bo‘lishicha, dastur telefondordagi barcha ma’lumotlarga to‘liq yetishish imkonini bergan, shu jumladan suhbatlar, xabarlar, kamera, mikrofon va geolokatsiya ma’lumotlari kabi himoyalangan funksiyalar ham nazoratga olingan.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil aprelida Ispaniyadagi Pegasus bilan bog‘liq ish qayta ochilgan va tergov organlari tomonidan Isroil NSO Group dasturidan foydalanib, mamlakat Bosh vaziri Pedro Sanches hamda bir necha yuqori martabali rasmiylarning telefonlari kuzatilgani haqida tergov ishlari olib borilmoqda.

Bu voqea NSO Group atrofidagi xalqaro tanqidlarni yanada kuchaytirib, josuslik texnologiyalarining chegarasiz qo‘llanilishi xususida jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Shu bilan birga, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va raqamli huquqlar uchun kurashish masalalari xalqaro kun tartibida yanada muhim o‘rin egallab borayotgani ko‘rinmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Pegasus shov-shuvi davom etmoqda: AQSH sudi Isroil kompaniyasini 170 mln dollar jarimaga tortdi