
Ukraina Xavfsizlik xizmati (SBU) mamlakat tarixida ilk bor Vengriya harbiy razvedkasining yashirin tarmog‘ini aniqlaganini ma’lum qildi. Bu haqda SBU maxsus bayonot berib, fosh etilgan josuslik tarmog‘i mamlakatning milliy xavfsizligiga jiddiy tahdid solganini ta’kidladi.
SBU tomonidan ma’lum qilinganidek, ushbu razvedka tarmog‘i Zakarpatya viloyatida faoliyat ko‘rsatgan. Ular bu hududda joylashgan S-300 havo mudofaa tizimlarining koordinatalarini, tizimdagi zaif nuqtalarni aniqlash bilan shug‘ullangan. Bundan tashqari, ushbu agentlar mahalliy aholining ijtimoiy-siyosiy qarashlarini sinchkovlik bilan o‘rganib, Vengriyaning ehtimoliy harbiy bosqiniga nisbatan munosabatini aniqlashga harakat qilishgan.
Ukraina xavfsizlik xizmatlari, shuningdek, ushbu tarmoq mamlakat qurolli kuchlarining Rossiya bilan davom etayotgan urushdagi yo‘qotishlari va frontdagi vaziyat haqida ham muntazam ravishda ma’lumot to‘plaganini qayd etgan. Ushbu razvedka faoliyati doirasida ikki shaxs qo‘lga olingan. Ulardan biri 40 yoshli ukrainalik sobiq harbiy bo‘lib, uning 2021 yilda Vengriya harbiy razvedkasi tomonidan yollangani va so‘ngra «kutish rejimiga» o‘tkazilgani ma’lum qilindi. Ularning kuratori esa Vengriya harbiy razvedkasining yuqori martabali mansabdori ekanligi aytilmoqda.
Shuningdek, mazkur voqea xalqaro munosabatlar sohasida diplomatik mojaroni keltirib chiqardi. Reuters agentligining xabar berishicha, Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto Ukraina tomonidan e’lon qilingan bu ma’lumotni «Ukraina propagandasi» deb atab, unga ehtiyotkorlik bilan yondashish lozimligini ta’kidladi.
Biroq, Siyyarto tez orada josuslik faoliyati bilan shug‘ullanganlikda gumon qilingan ikki ukrainalik diplomat Vengriya hududidan chiqarib yuborilishini ma’lum qildi. Bu esa ikki davlat o‘rtasidagi vaziyatni yanada keskinlashtirishi mumkin.
Ekspertlarning fikricha, ushbu voqea Ukraina va Vengriya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi ehtimoli bor. Hozirda xalqaro hamjamiyat vaziyatning keyingi rivojini diqqat bilan kuzatmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing