
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an mamlakatda terrorizm, qurolli zo‘ravonlik va jinoiy harakatlar davri tugaganini ma’lum qildi. Mamlakat rahbari ushbu tarixiy bayonotni 14 may kuni Adolat va taraqqiyot partiyasi (AKP)ning parlamentdagi fraksiya yig‘ilishida berdi.
Erdo‘g‘an o‘z nutqida terrorchilik faoliyati bilan tanilgan Kurdiston ishchilar partiyasi (KIP)ning tarqatib yuborilgani va qurollarini topshirganini alohida ta’kidladi. Prezidentning fikricha, bu voqea Turkiyada tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash yo‘lida yangi bosqichni boshlab beradi.
«Terrorizm, qurol va zo‘ravonlik davri ortda qoldi. Biz endi mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha yangi tarixiy bosqichga qadam qo‘ydik. Bu jarayonda biz uchun eng muhim narsa – Yevropa va Suriyadagi barcha terroristik bo‘linmalarning ham ushbu haqiqatni tan olib, qurollarini tashlab, tarqalish jarayoniga qo‘shilishidir», — dedi Turkiya rahbari.
Prezidentning ta’kidlashicha, KIP tarqatib yuborilishi jarayonining eng asosiy sharti – tashkilot tomonidan berilgan va’dalarning so‘zsiz bajarilishidir. Ushbu masalada Turkiya Milliy razvedka tashkiloti (MIT) va boshqa tegishli tuzilmalar qat’iy va sinchkovlik bilan kuzatuv olib boradi.
Ma’lumki, Kurdiston ishchilar partiyasi o‘z maqsadini Turkiya hududidagi kurdlarning milliy huquqlari uchun kurash va mustaqil kurd davlati barpo etish deb e’lon qilgan. Tashkilot 1974 yilda tashkil topib, 1984 yildan boshlab Turkiya hukumatiga qarshi qurolli harakat olib bora boshladi. Ortda qolgan qariyb 40 yil ichidagi qurolli to‘qnashuvlar natijasida 40 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan.
Joriy yil may oyi boshida KIP o‘z qurultoyida rasman tarqatib yuborilishini e’lon qildi va qurolli faoliyatini to‘xtatdi. Ayni vaqtda, tashkilot Turkiya, AQSH va Yevropa Ittifoqi tomonidan rasman terrorchi deb e’lon qilingan.
Mazkur voqea nafaqat Turkiya, balki butun mintaqa uchun ham tarixiy ahamiyat kasb etishi kutilmoqda. Terrorizm tahdidi pasayishi bilan Turkiyada iqtisodiy taraqqiyot, xorijiy investitsiyalarning ko‘payishi va mintaqa mamlakatlari bilan tinchlikparvar munosabatlarning yanada mustahkamlanishi ehtimoli yuqori.
TurkiyaRajab Toyyib Erdo‘g‘anTerrorizmTinchlik va BarqarorlikKurdiston Ishchilar PartiyasiTarixiy Voqea O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar