date
views 71

Fransiyada hayvonot bog‘iga chaqmoq tushdi: bir necha kishi jarohatlandi

Fransiyada hayvonot bog‘iga chaqmoq tushdi: bir necha kishi jarohatlandi
Joriy yilning 14 may kuni Fransiyaning janubi-sharqidagi Barben hayvonot bog‘ida kuchli chaqmoq tushishi oqibatida 13 nafar kishi turli darajada tan jarohati olgan. Ushbu noxush hodisa mahalliy vaqt bilan taxminan soat 15:00 da, mamlakat janubida joylashgan Salon-de-Provans shahri yaqinidagi ochiq hududda yuz bergan.

Fransiya ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, chaqmoq tushganidan so‘ng, hayvonot bog‘i hududida yong‘in kelib chiqqan. Hodisa haqida xabar tushishi bilanoq Bush-dyu-Ron departamenti qutqaruv xizmatining 46 nafar xodimi favqulodda ravishda hodisa joyiga yetib kelgan. Qutqaruvchilar tezkorlik bilan 15 kishini xavfli hududdan evakuatsiya qilgan.

Hodisa natijasida jarohatlangan 13 nafar shaxs shifoxonaga yotqizilgan. Ular orasida vaziyati jiddiy bo‘lgan Germaniya fuqarosi bo‘lgan bir ayolning ahvoli og‘ir deb baholanmoqda. U zudlik bilan intensiv terapiya bo‘limiga joylashtirilgan. Bundan tashqari, yana 12 kishi, jumladan, to‘rt nafar bola tibbiy yordamga muhtoj bo‘lib, ular ham shifoxonada davolanmoqda.

Hayvonot bog‘i ma’muriyati hodisa vaqtida bog‘ hududidagi hayvonlar va infratuzilmalarga hech qanday zarar yetmaganini ma’lum qildi. Ammo, ehtiyot choralari sifatida bog‘ vaqtiincha yopilgan va hodisa sabablari o‘rganilmoqda.

Fransiyaning ob-havo xizmati mamlakatning bir necha hududlarida kuchli momaqaldiroq xavfi saqlanib qolishi sababli «sariq» darajadagi ogohlantirish e’lon qilgan. Shu bilan birga, fuqarolarga ochiq havoda ehtiyotkor bo‘lish va momaqaldiroqli ob-havo vaqtida yopiq binolarda qolish tavsiya etilgan.

Mahalliy hukumat va qutqaruv xizmatlari hodisa bilan bog‘liq vaziyatni diqqat bilan kuzatib, jabrlanganlarga zarur yordam ko‘rsatmoqda.

Zamin.uz tahririyati favqulodda vaziyatlar paytida ehtiyotkorlikka amal qilishga chaqirib qoladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Fransiyada hayvonot bog‘iga chaqmoq tushdi: bir necha kishi jarohatlandi