date
views 56

AQSHda fuqarolikni realiti-shou orqali olish g‘oyasi muhokamada

AQSHda fuqarolikni realiti-shou orqali olish g‘oyasi muhokamada
Amerika Qo‘shma Shtatlarida yangi, bahslarga boy realiti-shou g‘oyasi muhokamalar markazida turibdi. Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem taklif etgan loyihaga ko‘ra, bir guruh migrantlar turli sinov va murakkab topshiriqlar orqali Amerika fuqaroligiga erishishi mumkin. Bu haqda Daily Mail nashri vazirlik tomonidan tayyorlangan 35 betlik taqdimotga asoslanib xabar berdi.

Loyiha nomi: “Amerikalik”

Shouning ishchi nomi — “The American” (ya’ni “Amerikalik”) bo‘lib, har bir epizodda qatnashchilar “meros sinovi”, “yuqotish sinovi”, shahar hokimiyatidagi uchrashuv va “ovoz berish” jarayonlaridan o‘tishi kerak. Ovozlar AQSH Fuqarolik va Immigratsiya Xizmatlari xodimlari tomonidan hisoblanishi rejalashtirilgan.

Taqdimotga ko‘ra, shouga mashhur fuqarolikka qabul qilingan shaxslardan biri — masalan, Ukrainada tug‘ilgan va keyin AQSHda nom qozongan aktrisa Mila Kunis boshlovchilik qilishi mumkin.

Ishtirokchilarga sinovlar: oltin qazishdan to avtomashina yig‘ishgacha

Shou formati bo‘yicha qatnashchilar Amerika bo‘ylab sayohat qilishi, har bir shtatning madaniyati va tarixini o‘rganishi va nima uchun aynan AQSHda yashashni istashini asoslab berishlari kerak. Ularga qo‘yiladigan amaliy sinovlar orasida San-Fransiskoda oltin qazib olish, Detroytda Ford Model T avtomobillarini konveyerda yig‘ish kabi vazifalar ham bor.

Final: qasamyod va mukofotlar

Finalga chiqqan va g‘alaba qozongan ishtirokchi AQSH fuqaroligini oladi va Kapitoliy zinapoyasida qasamyod qiladi. Qolgan qatnashchilar esa 10 ming dollarlik Starbucks sovg‘a kartasi yoki 76 oktanli benzinning umrlik zaxirasiga ega bo‘lishi mumkin. Shuningdek, ular keyinchalik fuqarolikka ariza berishda afzallikka ega bo‘ladi.

Rasmiy izoh va bahslar

Ichki xavfsizlik vazirligi matbuot kotibi Trisha Maklaflin mazkur shou g‘oyasi haqiqatan muhokama etilayotganini tasdiqladi, biroq Kristi Noem taqdimotni shaxsan ko‘rmaganini ta’kidladi.

Ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida esa ushbu realiti-loyiha yuzasidan turli fikrlar bildirilmoqda. Ayrimlar bu g‘oyani “haqoratli” deb hisoblasa, boshqalar uni “innovatsion va jiddiy tanlov tizimi” sifatida qabul qilmoqda.

Zamin.uz tahririyati mazkur tashabbus atrofidagi rivojlarni kuzatishda davom etadi. Siz bu shou g‘oyasini qanday baholaysiz? Bu kabi sinovlar orqali fuqarolik berish adolatlimi?
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSHda fuqarolikni realiti-shou orqali olish g‘oyasi muhokamada