Jazoirda bolalarni o‘g‘irlash va qasddan o‘t qo‘yish uchun o‘lim jazosi belgilanishi mumkin

Jazoir parlamentining quyi palatasi Jinoyat kodeksiga jiddiy jinoyatlar uchun jazoni kuchaytiruvchi o‘zgartirishlarni ma’qulladi. Yangi qoidalar qasddan o‘t qo‘yish va bolalarni o‘g‘irlash kabi jinoyatlar uchun o‘lim jazosini nazarda tutadi.
Qonun loyihasi mamlakatda avgust oyi oxirida sodir bo‘lgan yirik o‘rmon yong‘inlaridan keyin tayyorlangan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 27–30 avgust kunlari Jazoirning sharqiy hududlaridagi yong‘inlarda 12 kishi halok bo‘lgan.
Yangi o‘zgartirishlarga ko‘ra, o‘rmon va dalalarga qasddan o‘t qo‘yish, shuningdek, davlat yoki xususiy mulkni ayrim og‘ir jinoyatlar doirasida ataylab yo‘q qilish holatlari uchun ham eng og‘ir jazo qo‘llanishi mumkin.
Bundan tashqari, bolani qanday usulda bo‘lishidan qat’i nazar o‘g‘irlaganlik uchun ham o‘lim jazosi belgilanishi ko‘zda tutilgan. Agar jinoyat qiynoq, jinsiy tajovuz yoki shafqatsiz muomala bilan birga sodir etilgan bo‘lsa, jazo yanada og‘irlashtiriladi.
Qonun loyihasida mazkur jinoyatlarda aybdor deb topilgan shaxslarga Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan yengillashtiruvchi holatlarni qo‘llamaslik ham belgilangan.
Biroq o‘zgartishlar hozircha yakuniy kuchga kirgani yo‘q. Hujjat avval parlamentning yuqori palatasi — Millat Kengashi tomonidan uchdan ikki emas, to‘rtdan uch qism ovoz bilan ma’qullanishi, keyin esa prezident tomonidan imzolanib, rasmiy axborotnomada e’lon qilinishi kerak.
Ma’lumot uchun, Jazoirda o‘lim jazosi qonunchilikda saqlanib qolgan bo‘lsa-da, mamlakatda qatllar 1993 yildan beri amalga oshirilmagan.






























Izohlar 0
…