
Buyuk Britaniya, Fransiya va Kanada hukumatlari Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy harakatlari yuzasidan jiddiy bayonot bilan chiqdi. Reuters yozishicha, agar Isroil qurolli hujumlarini to‘xtatmasa va gumanitar yordamga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilmasa, unga qarshi sanksiya kiritiladi.
Qo‘shma bayonotda ta’kidlanishicha: “Biz har doim Isroilning o‘z fuqarolarini himoya qilish huquqini qo‘llab-quvvatlaganmiz. Ammo bu keskinlashuv mutlaqo nomutanosib va xalqaro huquqni buzish sifatida baholanishi mumkin”. Shuningdek, G‘arbiy sohilda yangi aholi punktlarini tashkil etishga qaratilgan harakatlarga ham qarshilik bildirildi.
Bu bayonot Isroil 16 may kuni “Gideon aravalari” deb nomlangan yangi qurolli operatsiya boshlaganidan so‘ng e’lon qilindi. Bosh vazir Binyamin Netanyaxu G‘azoni to‘liq nazorat ostiga olish niyatini ma’lum qilgan edi. Xalqaro ekspertlar esa anklavda ocharchilik xavfi ortib borayotganini avvaldan aytib kelmoqda.
Bayonotda ta’kidlanishicha, G‘azo singari o‘ta og‘ir gumanitar vaziyatda tinch aholiga yordam ko‘rsatishdan bosh tortish xalqaro me’yorlarga zid harakat hisoblanadi. Bu vaziyatda London, Ottava va Parij “hech qanday ikkillanmasdan” sanksiya kabi keskin choralarni qo‘llashga tayyorligini bildirdi.
Bu bayonotga javoban Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu quyidagicha bayonot berdi:
“London, Parij va Ottava 7 oktyabrda Isroilga qarshi amalga oshirilgan qirg‘unchilikka mukofot taklif qilmoqda. Bu tahdidlar yana shunga o‘xshash vahshiyliklarga yo‘l ochadi. Isroil to‘liq g‘alabaga erishmaguncha urushni to‘xtatmaydi, garovda qolganlar ozod qilinadi, G‘azo esa demilitarizatsiya qilinadi”.
HAMAS esa uch davlatning bu bayonotini “qamal va ocharchilik siyosatiga bo‘lgan prinsipial qarshilik” sifatida olqishladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil 2 martdan beri G‘azoga gumanitar yordam kirishini to‘xtatgan. Bu davr mobaynida kamida 57 nafar bola halok bo‘lgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich yanada oshib borishi mumkin.
Zamin.uz tahririyati xalqaro munosabatlar va G‘azodagi voqealar rivojini diqqat bilan kuzatishda davom etadi. Siz bu tahdidlar muammoni hal qilishda qanchalik samarali bo‘ladi, deb o‘ylaysiz?
Foto: Reuters
Buyuk BritaniyaG‘azo sektoriG‘arbiy sohilBinyamin NetanyaxuGumanitar yordamXalqaro huquqSanksiya choralarTinch aholiUrush to‘xtatish O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar