date
views 119

Mixael Shumaxerning afsonaviy Ferrari avtomobili rekord narxda sotildi!

Mixael Shumaxerning afsonaviy Ferrari avtomobili rekord narxda sotildi!
Afsonaviy nemis poygachisi Mixael Shumaxer 2001 yili «Formula-1» musobaqalarida boshqargan Ferrari F2001 poyga avtomobili dunyodagi eng mashhur auksionlardan biri — RM Sotheby's kimoshdi savdosida rekord darajadagi yuqori narxda sotildi. Bu haqda The New York Times nashri xabar bermoqda.

18,17 million dollarlik bu avtomobil Shumaxer ishtirok etgan poygalarda g‘alaba qozonish bilan birga, 2001 yilgi Monako va Vengriyadagi Gran-prilarda mashhur poygachiga jahon chempioni unvonini olib kelishda muhim rol o‘ynagan edi. Mazkur Ferrari F2001 bugungi kunga qadar Mixael Shumaxer boshqargan va kimoshdi savdosida sotilgan «Formula-1» mashinalari orasida eng qimmat sotilgan avtomobil bo‘lib, tarixga kirdi.

Mixael Shumaxer «Formula-1» tarixidagi eng kuchli poygachilardan biri bo‘lib, 7 marta jahon chempionligini qo‘lga kiritgan. Uning karyerasi davomida erishgan muvaffaqiyatlari va yorqin g‘alabalari uni motorsport olamida haqiqiy afsonaga aylantirgan.

2013 yilda Shumaxer karerasini yakunlaganidan so‘ng, Alp tog‘larida chang‘i uchish vaqtida boshidan og‘ir jarohat olgan. Shu vaqtdan beri uning oilasi Mixaelning salomatligi haqidagi ma’lumotlarni ommadan sir saqlab keladi. Shu sababdan mashhur sportchining hozirgi ahvoli haqida tafsilotlar noma’lumligicha qolmoqda.

Auksionda Ferrari F2001 sotilganidan avval, faqatgina uchta poyga avtomobili bu narxdan qimmatroqqa sotilgan edi. Qizig‘i, bu mashinalarning barchasi Mercedes jamoasiga tegishli bo‘lgan.

Bugungi kungacha kimoshdi savdolarida eng yuqori narxda sotilgan «Formula-1» avtomobili sifatida Mercedes W196 qayd etilgan bo‘lib, ushbu mashina 1950 yillar o‘rtalarida musobaqalarda qatnashgan va 51,2 million yevroga sotilgan.

Shumaxerning Ferrari F2001 avtomobilining rekord darajada sotilishi poyga muxlislari va kolleksionerlar orasida katta qiziqish uyg‘otdi va bu kabi afsonaviy mashinalarning qimmati yildan yilga oshib borayotganini yana bir bor tasdiqladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Mixael Shumaxerning afsonaviy Ferrari avtomobili rekord narxda sotildi!