
Dunyodagi eng so‘nggi geologik kashfiyotlardan biri nafaqat olimlar, balki sarmoyadorlarning ham e’tiborini tortdi. Nature nashri yozganidek, Havayi orollari hududida juda noyob va qimmatbaho metall — ruteniy aniqlandi. Bu metall platina guruhiga kiradi va uning yer yuzasida kam uchraydiganligi sababli o‘ta qimmatbaho hisoblanadi.
Olimlar mazkur metallning paydo bo‘lishiga oid eng qiziq nazariyalardan birini ilgari surishdi: ruteniy to‘g‘ridan to‘g‘ri Yer yadrosidan chiqib kelgan bo‘lishi mumkin. Bu xulosa nafaqat geologik nuqtayi nazardan, balki geosiyosiy va iqtisodiy jihatdan ham juda katta ahamiyatga ega.
Yadrodan yuzagacha — qimmatbaho metalllar “sayri”
Tahlillarga ko‘ra, Yerdagi barcha qimmatli metalllarning 99 foizi sayyora yadrosida joylashgan bo‘lib, faqat 1 foiz qismi mantiya va litosfera qatlamlarida tarqalgan. Bunga sabab — metallarning zich va og‘ir tuzilmasi bo‘lib, ular Yer shakllanayotgan paytda gravitatsiya ta’sirida yadro markaziga “tortilib ketgan”.
Yerning yadrosi esa, metalllarga boy tarkibga ega. U ichki qattiq yadro va tashqi suyuq qismdan iborat bo‘lib, aynan shu harakatdagi metalllar Yer magnit maydonini shakllantiradi. Bu magnit maydon sayyorani kosmik nurlanishlar va solar shamollaridan himoyalaydi.
Mantiya ko‘tarilishi va geologik “buyuk yo‘l”
Geologlar ta’kidlashicha, ruteniy kabi metallar Yer yadrosidan mantiya orqali yuzaga chiqishi mumkin. Bu jarayon “mantiya ko‘tarilishi” deb ataladi — u ostidagi qizigan magma ustuni orqali vertikal ravishda yuzaga tomon harakat qiladi. Bunday kuchli energiya oqimlari ba’zan materik plitalarini ham pastdan “yorib o‘tadi”.
Aynan shu jarayonlar tufayli Afrika kontinentida Sharqiy Afrika yorig‘i yuzaga kelgan — geologik nuqtayi nazardan Afrika materigi sekin-asta ikkita alohida qit’aga aylanib bormoqda.
Hozirda shunday mantiya “oqimi” Tinch okeani plitasi ostida — Havayi orollari hududida faol harakatda. Geologlar fikricha, aynan ushbu jarayonlar millionlab yillar oldin butun Havayi arxipelagini hosil qilgan.
Yadrodan kelgan izotoplar va ruteniyning kelib chiqishi
Kauai va Kamaeuakanaloa orollarida olib borilgan tadqiqotlar davomida topilgan ruteniy va volfram moddalari olimlarni hayratga soldi. Atom izotop tahlillari shuni ko‘rsatdiki, bu metalllar mantiyadagi emas, aynan yadrodagi moddalar tarkibiga mos keladi. Bu ularning Yer yadrosidan kelganligini isbotlaydi.
Mutaxassislarning fikricha, ruteniyning mavjudligi — bu joylarda oltin, platina va boshqa noyob metalllarning ulkan zaxirasi bo‘lishi ehtimolini keskin oshiradi. Bu esa, nafaqat ilm-fan, balki kelajakdagi resurslar uchun kurash nuqtayi nazaridan ham muhim yangilik.
Yer ichidagi boyliklar yuzaga chiqmoqda
Geologik jarayonlar Yerning chindan ham hali to‘liq o‘rganilmagan va so‘nggi siri ochilmagan olam ekanini yana bir bor tasdiqlamoqda. Havayidagi kashfiyot nafaqat ruteniy, balki yadrodan to‘g‘ridan to‘g‘ri kelayotgan boshqa qimmatbaho elementlarning ham borligini ko‘rsatmoqda.
Kelajakda bu hududlar nafaqat turistik manzil, balki geologik va iqtisodiy ahamiyatga ega nuqtaga aylanishi mumkin. Sayyoramizning qa’rida hali nima yashirin ekanini esa vaqt ko‘rsatadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing