
28 mayga o‘tar kechasi Rossiya poytaxti Moskvada ilgari kuzatilmagan miqyosda uchuvchisiz uchish apparatlari — dronlar hujumi qayd etildi. Moskva meri Sergey Sobyaninning Telegram'dagi ma’lumotiga ko‘ra, 27 may kechki paytdan 28 may soat 03:26 gacha jami 33 ta dron shahar osmonida aniqlangan va barchasi Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan yo‘q qilingan.
Hujumlar xususida rasmiy ma’lumotlar cheklangan. Mer hujum natijasida zarar ko‘rilgan obyektlar, dronlarning aniq nishoni va ehtimoliy oqibatlar haqida hozircha hech qanday bayonot bermadi. Biroq ushbu vaziyat Rossiya poytaxtida xavfsizlik darajasi yanada oshirilishiga sabab bo‘ldi.
Rossiya havo transporti agentligi — Rosaviatsiya vakili Artyom Korenyako e’lon qilgan ma’lumotga ko‘ra, fuqarolik aviatsiyasi xavfsizligini ta’minlash maqsadida avval Moskva atrofidagi Domodedovo aeroportida, keyin esa Vnukovo, Jukovskiy va Sheremetevo aeroportlarida vaqtincha parvozlar to‘xtatilgan.
Bunday xavfsizlik choralari Moskvadan tashqaridagi bir necha mintaqaviy aeroportlarda ham joriy qilindi. Jumladan, Vladimir viloyatidagi Semyazino, Ivanovo viloyatidagi Yujniy, Kostromadagi Sokerkino va Yaroslavldagi Tunosha aeroportlarida ham parvozlar vaqtinchalik cheklangan.
Shuningdek, “Moskvach” Telegram-kanali o‘z manbalariga tayanib, Troitsa va Podolsk shaharlaridagi aholi yarim tunda portlash tovushlarini eshitganini ma’lum qildi. Ayni paytda bu ma’lumot rasmiy tomonlar tomonidan tasdiqlanmagan.
Ushbu hujumlar Rossiyadagi xavfsizlik tizimlari uchun jiddiy sinov hisoblanadi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday miqyosdagi dron hujumi nafaqat havo mudofaa tizimlarini sinovdan o‘tkazadi, balki fuqarolik aviatsiyasi va aholi uchun ham ko‘plab xavfli oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Hozircha hujum uchun mas’uliyatni hech bir tomon o‘z zimmasiga olmagan. Ammo bu kabi vaziyatlar Ukraina bilan davom etayotgan mojaro fonida yanada ko‘proq kutilmagan ssenariylarni yuzaga chiqarishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar