date
views 1 470

Rossiya muzokaralar fonida yangi frontlar ochib, hujumni kuchaytirdi

Rossiya muzokaralar fonida yangi frontlar ochib, hujumni kuchaytirdi
Ukraina va Rossiya o‘rtasida mojaroni to‘xtatish uchun muzokaralar muhokama qilinayotgan bir paytda, frontda keskin o‘zgarishlar kuzatilmoqda. The New York Times nashri yozishicha, Rossiya bir vaqtning o‘zida diplomatik jarayon va harbiy harakatlarni parallel ravishda olib bormoqda. Ob-havo sharoiti yaxshi tomonga o‘zgargani bilan, Rossiya armiyasi bahorgi “sukunat”dan keyin hujumlarni faollashtirgan.

Rossiya ikki tomonlama front ochdi

Amerika nashri ta’kidlashicha, Rossiya Qurolli Kuchlari bir vaqtning o‘zida Donetsk viloyati va Ukraina shimolida faol harakatlarga kirishdi. Donetsk frontida rus armiyasi Pokrovsk va Toretsk shaharlari orasidagi ukrain mudofaa chizig‘ini yorib o‘tdi va hozirda shimolga yo‘nalgan harakatlarini davom ettirmoqda. Bu yerda Ukraina armiyasining so‘nggi logistika markazlari joylashgan.

Bu harakatlar, harbiy tahlilchilarning fikricha, Donetsk viloyatini to‘liq egallash uchun katta miqyosli operatsiyaning boshlanishidan darak beradi. OSINT DeepState tahlil loyihasiga ko‘ra, may oyida Rossiya armiyasi kuniga o‘rtacha 14 kvadrat kilometr maydonni egallab olmoqda. Bu ko‘rsatkich aprel oyiga nisbatan ikki barobar ko‘p.

Sumi viloyatida yangi tahdid – Ukraina qo‘shinlari harakatga keldi

Shimoliy Sumi viloyatida ham Rossiya armiyasi so‘nggi kunlarda harakatni kuchaytirgan. Rossiyaliklar Ukraina hududiga chuqurroq kirib bormoqda va bu Ukraina armiyasini frontning ushbu qismiga minglab askarlarini qayta joylashtirishga majbur qilmoqda. Bu esa Donbassdagi mudofaa salohiyatini zaiflashtiradi.

Bu harakatlar Rossiya prezidenti Vladimir Putinning “bufer zona” yaratish talabidan kelib chiqqan. U bu orqali Kursk va Belgorod viloyatlarini Ukraina tomonidan uyushtiriladigan reydlardan himoya qilishni maqsad qilgan.

Xarkov yaqinida 50 minglik desant kuchlari jamlangan

Maqolada ta’kidlanishicha, Rossiya qish mavsumi davomida harbiy jihozlarni to‘pladi, aloqa tizimini yaxshiladi va dronlarini modernizatsiya qildi. Shuningdek, Xarkov yaqinida 50 ming nafarlik elita desantchilardan iborat maxsus guruh jamlangan. Bu kuchlar yangi hujumlar uchun ishga solinishi mumkin.

Muzokaralardan umid kam, G‘arb uzoq urushga tayyorlanmoqda

Ayni paytda Istanbulda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarning navbatdagi bosqichi natijasiz yakunlangan. Germaniya kansleri Fridrix Mers buni tasdiqlar ekan, Yevropa mamlakatlarini “uzoq davom etadigan urushga tayyorgarlik ko‘rish”ga chaqirdi.

Shu bilan birga, AQSH prezidenti Donald Tramp yaqin 1,5–2 hafta ichida Vashington Ukraina mojarosini qanday yo‘nalishda hal qilish bo‘yicha qaror qabul qilishini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror Rossiyaning kelgusidagi harakatlariga bog‘liq bo‘ladi.

Rossiya tomoni harbiy jihatdan faollashgan bir paytda, tinchlik muzokaralari siyosiy darajada so‘ngida qolmoqda. Moskva tomonidan hujumlar kuchayishi va bir vaqtda muzokara olib borilishi — ikki frontli strategiya belgisi. Donbass va Sumidagi vaziyat keskinlashar ekan, Ukraina mudofaasi va G‘arb qo‘llab-quvvatlovi yanada muhim ahamiyat kasb etadi.

Harbiy tahlilchilar bu yozda hal qiluvchi yutuqlarni kutmayotgan bo‘lsa-da, har bir maydondagi o‘zgarish umumiy vaziyatga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Foto: Reuters
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya muzokaralar fonida yangi frontlar ochib, hujumni kuchaytirdi