date
views 642

Italiyada supervulqon uyg‘onayaptimi? Neapol atrofida global xavf kuzatilyapti!

Italiyada supervulqon uyg‘onayaptimi? Neapol atrofida global xavf kuzatilyapti!
Italiyaning mashhur Kampi-Flegrey supervulqoni hududida so‘nggi oylarda kuzatilayotgan seysmik faollik kuchayishi olimlar va mahalliy hokimiyatlar o‘rtasida jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Daily Mail nashri xabariga ko‘ra, 2025 yilning may oyida ushbu hududda oxirgi 40 yil ichida qayd etilgan eng kuchli zilzila — 4,4 magnitudali silkinish sodir bo‘ldi. Bu supervulqon faoliyati yana jonlanayotgani haqidagi da’volarni yanada jonlantirdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi olti oy ichida Kampi-Flegrey hududida 3000 dan ortiq zilzila qayd etilgan. Bu raqam ilmiy doiralarda tahlikali signal sifatida baholanmoqda. Chunki bu o‘ta yirik va xavfli vulqon so‘nggi marta 1539 yilda otilgan va undan buyon nisbatan tinchlik kuzatilgan.

Kampi-Flegrey — Neapol shahri yaqinidagi qadimiy kaldera bo‘lib, u bir necha ming yillar davomida sodir bo‘lgan vulqon otilishlari natijasida vujudga kelgan. Bugungi kunda ushbu supervulqonning faolligi ortsa, bu nafaqat Italiya, balki butun Yevropada, balki global miqyosda halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Nima uchun olimlar xavotirda?

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, Kampi-Flegreyning ehtimoliy otilishi Neapol shahri va uning atrofida yashovchi 4 millionga yaqin aholi uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri xavf tug‘diradi. Zilzilalar, quyma kullar, lavalar va portlashlar nafaqat mahalliy, balki xalqaro aviatsiya va iqlim tizimlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

• Vulkan otilishi Yevropaning katta qismida havoni ifloslantirishi mumkin.
• Kul qatlamlari aviareyslarni to‘xtatib, transport aloqalarini izdan chiqarishi ehtimoldan xoli emas.
• Atmosferaga chiqarilgan moddalar quyosh nurini to‘sib, “vulkan qish” deb ataladigan global sovuqni keltirib chiqarishi mumkin.

Vulqonshunoslar nimani aytmoqda?

Mamlakat va xalqaro geofiziklar bu faollik har doim ham falokat belgisi emasligini urg‘ulamoqda. Ularning baholashicha, joriy o‘n yillikda vulqonning yirik otilishi ehtimoli 1 foizdan 3 foizgacha bo‘lishi mumkin. Ammo supervulqonning har qanday kichik faolligi ham jiddiy monitoring talab qiladi.

Italiya hukumati ham bu masalada jiddiy harakat boshlagan. Neapol atrofida istiqomat qiluvchi aholi uchun maxsus ta’lim va evakuatsiya rejalari yangilanmoqda. Shuningdek, ilmiy laboratoriyalar doimiy ravishda vulqon ostidagi bosim, harorat va gaz chiqindilarini kuzatmoqda.

Kampi-Flegrey vulqonining ehtimoliy uyg‘onishi insoniyatga Yerning tabiiy kuchlarini yana bir bor eslatmoqda. Har qancha ehtimol past bo‘lsa-da, unga nisbatan loqaydlik xalokatga olib kelishi mumkin. Olimlar va hukumatlar ushbu holatni kuzatishda davom etar ekan, bizning burchimiz esa — bu voqelikka nisbatan hushyor va xabardor bo‘lishdir.

Foto: Springer Nature
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Italiyada supervulqon uyg‘onayaptimi? Neapol atrofida global xavf kuzatilyapti!