
2 iyun kuni Istanbulda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Ukraina–Rossiya muzokaralari oldidan Kiyev rasmiylari o‘zining rasmiy tinchlik takliflari matnini jamoatchilikka taqdim etdi. Reuters axborot agentligi tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu hujjat Ukraina delegatsiyasi tomonidan muzokarada Rossiya vakillariga rasman taqdim etiladi.
Hujjatning asosiy nuqtalari shunday:
• To‘liq va so‘zsiz o‘t ochishni to‘xtatish
Kiyev muzokaralarni boshlash uchun osmon, quruqlik va dengizda harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatishni zaruriy shart sifatida ko‘rmoqda. Bu nafaqat frontdagi keskinlikni yumshatish, balki tinch muloqot uchun zarur muhitni yaratishga qaratilgan.
• Bolalarni qaytarish va asirlar almashini ta’minlash
Ukraina hujjatda, urush paytida noqonuniy ravishda Rossiyaga olib ketilgan ukrainalik bolalarni so‘zsiz ravishda vataniga qaytarishni talab qilmoqda. Shuningdek, harbiy asirlarni «hamma uchun hamma» formatida almashish va garovda ushlab turilgan tinch fuqarolarni ozod etish taklif etilmoqda.
• Xavfsizlik kafolatlari va geosiyosiy erkinlik
Ukraina xalqaro hamjamiyatdan ishonchli xavfsizlik kafolatlarini olishni talab qilmoqda. Kiyev o‘z harbiy salohiyati va siyosiy yo‘nalishini erkin belgilash huquqiga ega bo‘lishi kerak, deyiladi matnda.
Maxsus holat sifatida Ukraina tomoni shunday ta’kidlamoqda:
“Ukraina Qurolli kuchlarining soni, ularning joylashuvi, texnikasining turi, shuningdek, do‘st davlatlar qo‘shinlarini o‘z hududiga joylashtirish masalalari bo‘yicha hech qanday tashqi cheklov qabul qilinmasligi kerak.”
• Yevroatlantik yo‘lni tanlash huquqi
Kiyevni betaraflik siyosatini qabul qilishga majburlash noto‘g‘ri, deydi Ukraina. Davlat o‘z istiqboli, jumladan, Yevropa Ittifoqi va NATOga qo‘shilish kabi geosiyosiy qarorlarni mustaqil ravishda qabul qilishga haqli.
Hozirda Istanbulda bo‘lib o‘tadigan muzokaralarga katta diqqat qaratilayotgani, ushbu hujjat ayni paytda xalqaro diplomatik doiralarda qizg‘in muhokama qilinmoqda. Muzokaralar natijasi nafaqat Ukraina va Rossiya, balki butun mintaqaning tinchligi uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi mumkin.
Foto: Francisco Seco/AP “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar