
Amerika siyosiy sahnasi yana bir bahsli voqeaga guvoh bo‘ldi. AQSH Kongressidagi Respublikachilar partiyasi vakillari Jo Bayden ma’muriyatida sodir bo‘lgan shubhali harakatlar bo‘yicha yangi ma’lumotlarni oshkor qildi. Ma’lum bo‘lishicha, Oq uyning to‘rt nafar sobiq xodimi Jo Bayden nomidan muhim farmon va hujjatlarga avtoimzo qo‘ygani aniqlangan.
Fox News telekanalida chiqish qilgan AQSH Kongressi nazorat va hukumat islohoti qo‘mitasi raisi Jeyms Komerning ta’kidlashicha, ushbu xodimlar Baydenning shaxsiy ishtiroki va roziligisiz, maxsus avtomatlashtirilgan avtoqalam orqali uning nomidan farmonlarni rasmiylashtirgan. “Bizning qo‘limizdagi dalillardan kelib chiqib, Jo Baydenning imzosi hujjatlarda sehrli tarzda paydo bo‘lganini aniqladik”, — deydi Komer.
Bu holat AQSHda katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Kongressdagi senatorlar hukumatdan avtoimzo bilan bog‘liq barcha jarayonlarni ochiqlashni, shuningdek, Baydenning sog‘lig‘i yomonlashgan paytlarda mamlakatni aslida kim boshqarganini aniqlash uchun rasmiy tinglovlar o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Ayni paytda Donald Tramp ham bu mojaroni faol tarzda muhokama qilmoqda. Uning ta’kidlashicha, Baydenning 2,5 mingga yaqin shaxsni afv etish to‘g‘risidagi qarorlari yuridik jihatdan kuchga ega emas, chunki ular avtoqurilma orqali imzolangan. Tramp buni “faqat qog‘ozdagi siyosat” deb baholagan.
Shu bilan birga, Bayden ma’muriyatining avtoimzo bilan chegarada muhojirlarga ruxsat beruvchi hujjatlarni tasdiqlashi ham tanqidga sabab bo‘ldi. Respublikachilar buni davlatga xiyonat deb hisoblamoqda.
The Wall Street Journal nashriga ko‘ra, Baydenning yondoshlari uning aqliy holati yuzasidan ommaviy muhokamalarning oldini olishga urinishgan. AQSHning eng keksa prezidenti bo‘lgan Jo Bayden so‘nggi yillarda bir necha marta nutqlar paytida adashgan, tushunarsiz iboralar qo‘llagan va jismoniy holati ham savollar uyg‘otgan.
Yaqinda esa Baydenning rafiqasi Jill Baydenga nisbatan AQSH Adliya vazirligi tomonidan sud ishi qo‘zg‘atilishi mumkinligi haqida ma’lum qilindi. Sababi – Jill Baydenning turmush o‘rtog‘ining prostata saratoniga chalinganini bilishiga qaramay, uni 2024 yilgi saylovda qatnashishga undagani.
Aprelda esa Tramp Rossiya-Ukraina mojarosida ham Baydenni aybdor deb atagan. Uningcha, AQSH va Rossiya munosabatlarining yomonlashishiga aynan Bayden ma’muriyati mas’ul.
Bu voqealar AQSHda siyosiy bahs va tortishuvlarni yanada kuchaytirmoqda. Baydenning davlat boshqaruvidagi roli, imzolarning haqiqiyligi va uning sog‘lig‘i bilan bog‘liq savollar javobsiz qolmoqda. Amerikaliklar esa bu holatda kimga ishonish kerakligini anglashga urinmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar