
Janubiy Koreyada kecha, 3 iyun kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarida Birlashgan demokratik partiyasi yetakchisi Li Chje Myon mamlakatning yangi prezidenti etib saylandi. Bu haqda mahalliy nashrlar, jumladan Yonhap axborot agentligi xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, saylov natijalari hisoblanib, 98,56 foiz saylov byulletenlari qayta ishlangandan so‘ng, muxolifat nomzodi Li Chje Myon ovozlarning 49,25 foizini egallagan. Uning asosiy raqibi, hukmron konservativ «Fuqarolik kuchi» partiyasi nomzodi Kim Mun Su esa 41,40 foiz ovoz to‘plashga muvaffaq bo‘lgan.
Qayd etish joiz, saylovda fuqarolar ishtirokining yuqori darajasi kuzatilgan. Saylov yakunlanishiga bir soat qolganida saylovchilar faolligi so‘nggi 28 yil ichidagi eng yuqori natijani qayd etib, 77,8 foizni tashkil etgan.
Li Chje Myonning bu galgi g‘alabasi Janubiy Koreya siyosiy maydonida katta voqelik hisoblanadi. Sababi, u 2022 yilda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida atigi 1 foizlik kichik farq bilan sobiq prezident Yun Sok Yolga mag‘lub bo‘lgandi. Buning ortidan u muxolifat yetakchisi sifatida mamlakatdagi siyosiy o‘zgarishlarga bosh-qosh bo‘lib, bugun nihoyat prezidentlik mansabini qo‘lga kiritdi.
Li Chje Myonning saylovoldi dasturi ham jiddiy e’tiborga sazovor bo‘ldi. Yangi saylangan prezident o‘z nutqlarida Shimoliy Koreya bilan munosabatlarni qayta tiklashni, mintaqadagi vaziyatni barqarorlashtirishni va iqtisodiy hamkorlik orqali ikki Koreya o‘rtasidagi aloqalarni yaxshilashni maqsad qilganini ta’kidladi. Shuningdek, Pxenyanning har qanday tahdidiga qarshi milliy mudofaa tizimini yanada mustahkamlash zarurligini ham bildirib o‘tgan.
Li Chje Myonning hayot yo‘li ham katta e’tiborga loyiq. 1964 yilda Andon shahrida kambag‘al oilada tug‘ilgan bo‘lsa-da, katta mashaqqatlar bilan huquqshunoslik sohasida ta’lim olgan va 1986 yilda Seuldagi Chung-Ang universitetini tamomlagan. Siyosatdagi faoliyatini 2005 yilda boshlagan Li Chje Myon 2010 yildan 2018 yilgacha ikki muddat Sonnam shahrining hokimi sifatida muvaffaqiyatli ishlagan.
Biroq uning siyosiy faoliyati hamisha g‘alaba bilan bog‘liq bo‘lmagan. U 2006 yilda shahar hokimi saylovida mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa, prezidentlik lavozimi uchun ham 2017 va 2022 yillarda nomzod bo‘lib, mag‘lubiyatga uchragan edi. Lekin bu muvaffaqiyatsizliklar uning kurashchan ruhini so‘ndira olmadi va bugungi tarixiy g‘alabaga zamin yaratdi.
Undan avvalgi prezident Yun Sok Yolning taqdiri esa dramatik tus olgandi. 2024 yil dekabrida Yun mamlakatda harbiy holat o‘rnatishga uringani sababli parlament tomonidan unga impichment e’lon qilingan va lavozimidan chetlashtirilgan. Biroq, u o‘z qarorini mamlakat xavfsizligi uchun zarur deb hisoblab, barcha ayblovlarni rad etgan. Konstitutsiyaviy sud esa uning qarorini noqonuniy deb topib, prezidentlik vakolatlaridan butunlay chetlatgan.
Shu tariqa, Li Chje Myonning g‘alabasi Janubiy Koreyada yangi bir davr boshlanishiga sabab bo‘lishi kutilmoqda. Yangi prezident mamlakatda siyosiy barqarorlikni ta’minlash, Shimoliy Koreya bilan munosabatlarni yaxshilash hamda iqtisodiy taraqqiyot yo‘lida muhim qadamlar tashlashga tayyor ekanini allaqachon bildirgan.
Hozirda xalqaro hamjamiyat ham yangi prezidentning qanday qadamlar qo‘yishini diqqat bilan kuzatmoqda. Li Chje Myonning prezidentlik lavozimiga rasman kirishi bilan mintaqada vaziyat qanday o‘zgarishi alohida qiziqish uyg‘otmoqda. Buni vaqt ko‘rsatadi. Ammo shu aniqki, Janubiy Koreya tarixida yangi sahifa ochildi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar