date
views 82

Almazbek Atamboyev Xalqaro sudda muhokamaga tayyorligini ma’lum qildi!

Almazbek Atamboyev Xalqaro sudda muhokamaga tayyorligini ma’lum qildi!
Qirg‘iziston sobiq prezidenti Almazbek Atamboyev o‘ziga nisbatan ilgari surilgan barcha ayblovlarni rad etib, o‘z haqiqatini isbotlash uchun xalqaro tribunal oldida sudlanishga tayyorligini bildirmoqda. Bu haqda u ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifasida e’lon qildi.

Atamboyevga ko‘ra, mamlakatning amaldagi prezidenti Sadir Japarov uni ko‘plab og‘ir jinoyatlarda, jumladan korrupsiya, o‘g‘irlik va hatto qotillikda ham ayblagan. Shuningdek, Japarov ayni paytda sobiq prezidentning ishi bo‘yicha ochiq sud jarayonini o‘tkazishdan xavfsirab kelayotgani haqida bayonot bergandi.

Shundan so‘ng, Almazbek Atamboyev o‘ziga qo‘yilgan ayblovlar bo‘yicha ochiq sud jarayonini o‘tkazishni taklif qilib, rasmiy hokimiyat vakillariga aniq bir qadam tashlashni taklif etmoqda:

“Agar hukumat haqiqatni izlayotgan va adolat o‘rnatishni istaydigan bo‘lsa, Rim statutini tasdiqlab, Xalqaro sudga murojaat qilish kerak. Men shaxsan ushbu xalqaro tribunal oldida javob berishga tayyorman. Hatto Xalqaro sud mening aybimni tasdiqlab, jazoga mahkum etadigan bo‘lsa, panjara ortida qancha muddat bo‘lmasin o‘tirishga tayyorman”, deydi sobiq prezident.

Shuningdek, Atamboyev mamlakat rahbariyatiga murojaat qilib, Qo‘y-Tosh voqealari bo‘yicha ayblangan va qamoqxonalarda saqlanayotgan barcha kishilarni zudlik bilan ozod qilish kerakligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, ushbu shaxslar hech qanday aybsiz va nohaq ravishda qamoqda saqlanmoqda. Ular haqiqat uchun, adolatli Qirg‘izistonni orzu qilgani uchun jazolangan deb hisoblaydi sobiq prezident.

“Qo‘y-Tosh voqealari bilan bog‘liq jarayonlar uydirma bo‘lib, u bilan bog‘liq odamlarni ozod qilish mamlakat rahbariyati uchun ham, xalq uchun ham sharaf ishi bo‘ladi. Bularning qamoqxonalarda turishi davlat rahbariyati uchun katta sharmandalikdir”, deb yozgan Atamboyev.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘izistonda 2019 yilning 7-8 avgust kunlari sobiq prezident Almazbek Atamboyevni kuch bilan hibsga olishga urinishlar chog‘ida mamlakat tarixidagi eng jiddiy to‘qnashuvlardan biri sodir bo‘lgan edi. Bishkek yaqinidagi Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi Atamboyev uyiga Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining maxsus bo‘linmasi “Alfa” tomonidan shturm amalga oshirilgan. Mazkur voqealar davomida bir askar qurbon bo‘lgan, ikki yuzdan ziyod odam turli darajada jarohatlangan.

O‘sha kuni Atamboyev tarafdorlari bilan maxsus kuchlar o‘rtasida qurolli to‘qnashuv yuz bergan. Tarafdorlari Atamboyevni himoya qilishga urinib, maxsus kuchlar xodimlari bilan qattiq janglarga kirishgan edi. Oqibatda, huquq-tartibot idoralari xodimlaridan ko‘plab kishi og‘ir jarohatlar bilan kasalxonaga yotqizilgandi.

Shuning ortidan Bishkek sudi sobiq prezident Almazbek Atamboyevni mol-mulkini musodara qilish bilan birga sirtdan 11 yilu 6 oy muddatga qamoq jazosiga mahkum etgan. Shuningdek, sud jarayonida uning yonida bo‘lgan yana bir nechta yuqori lavozimli amaldorlar ham uzoq muddatli qamoq jazolariga mahkum qilingan edi.

Hozirgi kunda mamlakatning amaldagi rahbariyati bilan sobiq prezident o‘rtasidagi tortishuvlar jamoatchilik e’tiborini yanada orttirmoqda. Atamboyev, xalqaro tribunal oldida adolat o‘rnatilishiga ishonch bildirib, o‘z haqiqati uchun oxirigacha kurashishga qaror qilganini aytmoqda. Uning ushbu murojaati mamlakatdagi siyosiy vaziyatni yanada keskinlashtirishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

Hozircha hukumat vakillari Atamboyevning xalqaro sud oldidagi muhokama taklifiga rasman javob bermagan. Ammo siyosiy doiralar va ommaviy axborot vositalarida bu holat bo‘yicha qizg‘in munozaralar boshlangan. Bu esa Qirg‘izistonning siyosiy hayotida yangi bosqich boshlanishini ko‘rsatmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Almazbek Atamboyev Xalqaro sudda muhokamaga tayyorligini ma’lum qildi!