date
views 76

Tom Kruz yonuvchi parashyutda 16 marta sakrab jahon rekordini o‘rnatdi!

Tom Kruz yonuvchi parashyutda 16 marta sakrab jahon rekordini o‘rnatdi!
Gollivud yulduzi Tom Kruz yana bir bor kinematografiya tarixiga o‘z nomini muhrladi. 62 yoshli aktyor «Uddalab bo‘lmas topshiriq: So‘nggi intiqom» filmi uchun ijro etgan xavfli tryuki bilan Ginnessning rekordlar kitobiga kirdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mashhur franshizaning so‘nggi qismdagi eng shov-shuvli sahnalarida Tom Kruz vertolyotdan yonuvchi modda bilan singdirilgan parashyutda sakragan. Bu shunchaki bir marta emas — u bu xavfli manevrni ketma-ket 16 marta amalga oshirgan! Shu orqali u dunyoda bunday tryukni shu darajada ko‘p marta takrorlagan ilk insonga aylandi — na bironta aktyor, na kaskadyor bunday natijaga erishgan.

Ginnessning rasmiy bayonotida qayd etilishicha, bu nainki kinematografiyada, balki umumiy ekstremal sportda ham kamyob natija hisoblanadi. Kruzning har bir sakrashi yuqori aniqlik, mukammal tayyorgarlik va maksimal xavfsizlik choralarini talab qilgan. Bu borada maxsus professional jamoa bilan ish olib borilgan va har bir epizod yuqori darajada monitoring qilingan.

Tom Kruz o‘zining tryuklarni dublyorlarsiz bajarishi bilan doim muxlislar ehtiromiga sazovor bo‘lib keladi. U nafaqat aktyor, balki jangovar sahnalardagi haqiqiy ekstremal sifatida ham e’tirof etiladi. «Men har bir sahnada tomoshabinlar real his-tuyg‘ularni sezishini xohlayman. Shuning uchun har bir xavfli harakatni shaxsan bajarishga harakat qilaman», — deydi aktyor.

Ma’lumot uchun, “Uddalab bo‘lmas topshiriq: So‘nggi intiqom” filmi 2025 yil 23 may kuni kinoteatrlarda namoyish etildi va birinchi kunlaridanoq katta boks-ofis natijalarini qayd etmoqda. Kruzning ushbu tryugi esa filmning eng esda qolarli va muhokamalarga boy epizodiga aylangan.

Zamin.uz tahririyati esa bu kabi sa’y-harakatlar orqali realizmni kinoga olib kirayotgan aktyorlarni qo‘llab-quvvatlaydi va Tom Kruzni yangi rekordi bilan tabriklaydi!

Foto: The Flow
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tom Kruz yonuvchi parashyutda 16 marta sakrab jahon rekordini o‘rnatdi!