
RF qurolli kuchlari qatorasiga ikkinchi kecha Ukraina regionlariga raketalar va dronlar bilan hujum uyushtirdi. RF qurolli kuchlarining 7 iyunga o‘tar kechasi yo‘llagan zarbalarining asosiy nishonlaridan biri Xarkiv bo‘lgan. Rossiya 48 ta dron, beshta aviabomba, to‘rtta reaktiv snaryad va uchta raketa qo‘llagan holda shahar bo‘ylab yopirilma zarbalar yo‘llagan, deb xabar berdi oblast ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov. Xarkiv meri Igor Terexov bu shahar keng ko‘lamli urush boshlanganidan buyon uchragan eng kuchli hujum bo‘lganini ma’lum qilgan.
Dronlardan biri urilishi oqibatida Xarkivning Osnovyanskiy rayonidagi to‘qqiz qavatli uy jiddiy shikastlangan. Hujum tufayli yettinchi, sakkizinchi va to‘qqizinchi qavatlardagi 12 kvartirada yong‘in chiqqan, yong‘inning jami maydoni 600 metr kvadratni tashkil etgan. Xarobalar ostidan bir ayol chiqarib olingan.

Xarkivda Rossiya droni zarbasidan shikastlangan turar joy binosi, 2025 yil 7 iyun
Vitalii Hnidyi / Reuters / Scanpix / LETA
Ukraina rasmiylariga ko‘ra, hujum oqibatida Xarkivdagi korxonalardan birida yirik yong‘in sodir bo‘lgan, olov 10 metr kvadrat maydonni qamrab olgan. Oblast ma’muriyati xabar berishicha, korxonaga jami 40 dron, to‘rtta aviabomba va bitta raketa qo‘llagan holda hujum uyushtirilgan. To‘rtta sexga zarba kelib tushgan. Vayronalar ostida odamlar qolgan bo‘lishi mumkin, oblast prokuraturasiga ko‘ra, olti kishi ichkarida qamalib qolgan.

Sofiia Gatilova / Reuters / Scanpix / LETA
Oblast ma’muriyati ma’lumotlariga ko‘ra, Xarkivga zarba natijasida jami bo‘lib ikkita ko‘p qavatli uy, ikkita xususiy uy, ikkita korxona, ikkita avtomobil, ma’muriy bino va bolalar musiqa maktabi zarar ko‘rgan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Xarkivda uch kishi halok bo‘lgan, 21 kishi, jumladan, bir chaqaloq va 14 yoshli qiz jarohatlangan. Xarkiv oblastining Kupyansk shahri o‘qqa tutilishi vaqtida tinch aholi vakili bo‘lgan 64 yoshli kishi yaralangan.

Xarkivdagi korxona Rossiya hujumidan keyin
Sergey Bobok / AFP / Scanpix / LETA

Xarkivda Rossiya zarbasiga uchragan zavodda chiqqan yong‘in
Sergey Bobok / AFP / Scanpix / LETA
Dniproda, Ukraina rasmiylariga ko‘ra, Rossiya hujumi oqibatida infratuzilma, korxona, ta’lim muassasasi, garajlar va avtomobillarga zarar yetgan, ko‘p qavatli uylarning oynalari singan, tinch aholi vakillaridan ikki kishi jarohatlangan. Xersonga hujum oqibatida ikkita ko‘p qavatli uy shikastlangan, ikki kishi – er-xotin halok bo‘lgan.
Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari ma’lum qilishicha, rossiyalik harbiylar tunda jami 206 ta dron va to‘qqizta raketa qo‘llagan: oltita X-59/69 aviatsiya raketasi, «Iskander-M» kompleksidan uchirilgan ikkita ballistik raketa va «Iskander-K» kompleksidan uchirilgan bitta qanotli raketa. Ukraina qurolli kuchlariga ko‘ra, ukrain harbiylari 167 ta dronni zararsizlantirgan, shuningdek yettita raketa urib tushirilgan.
RF mudofaa vazirligi rossiyalik harbiylar 7 iyunga o‘tar kechasi Ukraina harbiy-sanoat kompleksi korxonalari, zarbdor dronlar yig‘iladigan sexlar, texnik xizmat ko‘rsatish punktlari, qurollar va harbiy texnikalar ta’mirlanadigan ustaxonalar, shuningdek, Ukraina qurolli kuchlarining o‘q-dori omborlariga hujumlar uyushtirilgani haqida xabar bergan. «Zarbalardan ko‘zlangan maqsadga erishildi. Belgilangan barcha obyektlar aniq nishonga olindi», – deyiladi Rossiya tomoni bayonotida. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar