
Insoniyat uchun uzoq vaqtdan buyon sirli va qiziq mavzulardan biri bo‘lgan noma’lum uchuvchi jismlar (NUJ) haqidagi turli xabarlar yangiliklarga sabab bo‘lib kelmoqda. Ular orasida ko‘pincha Amerika Qo‘shma Shtatlari hududida kuzatilgan g‘aroyib parvozlar haqida gap ketadi. Ammo so‘nggi tekshiruvlar natijasiga ko‘ra, bu kabi sirli hodisalarning aksariyati ortida boshqa sayyoraliklar emas, balki AQSHning o‘z harbiylari turgani ma’lum bo‘ldi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari Mudofaa vazirligi qoshida tashkil etilgan Anomaliyalarni tadqiq etish bo‘limi (AARO) bugunga qadar tarqatilgan turli konspirologik nazariyalarni o‘rganib chiqib, ularning manbasini aniqladi. Mashhur The Wall Street Journal nashrining yozishicha, ko‘plab feyk xabarlar va noto‘g‘ri ma’lumotlar aynan Pentagonning yuqori darajadagi harbiy xodimlari tomonidan tarqatilgan ekan.
2024 yilda tayyorlangan hisobotga ko‘ra, AQSH Mudofaa vazirligi o‘z reputatsiyasini himoya qilish maqsadida bu kabi ma’lumotlarni yashirishga urinish holatlari ham aniqlangan. Hisobotda qayd etilishicha, NUJ bilan bog‘liq aksariyat holatlarning paydo bo‘lishi AQSH harbiylari o‘rtasida keng tarqalgan hazil-mutoyibalarning natijasi sifatida yuzaga kelgan.
Bunday dezinformatsiya tarqatilgan birinchi holat uzoq 1980 yillarga borib taqaladi. O‘sha vaqtda AQSH Harbiy-havo kuchlari polkovnigi mashhur «51-hudud» bazasi yaqinidagi kichik bir barda aholiga «uchar likopcha»lar tasvirlangan suratlarni ko‘rsatgan. Uning bu «hazil» amaliyoti aslida mahalliy aholi e’tiborini yashirin yangi harbiy samolyot — F-117 Nighthawk stels-qiruvchisining sinov parvozlaridan chalg‘itish uchun maxsus rejalashtirilgan edi. Pentagon yuqori rahbariyati bu usul orqali «sovuq urush» davrida dushmanlarga AQSHdagi maxfiy harbiy texnologiyalar haqidagi ma’lumotlarning sizib chiqishining oldini olgan.
Tergov natijalariga ko‘ra, bu kabi «hazil»lar bir necha o‘n yilliklar davomida harbiy xizmatchilar o‘rtasida keng tarqalgan va hatto ba’zi yuqori lavozimdagi ofitserlar o‘zlari ham buning hazil ekanligini bilmay qolgan. Misol uchun, yangi komandirlarga ko‘p yillar davomida, AQSH Harbiy-havo kuchlari qo‘lida o‘zga sayyoraliklarning uchuvchi kemalari haqidagi soxta tasvirlar hamda materiallar «Yankee Blue» nomi ostida topshirib kelingan. Natijada bu sohada ishlagan ayrim harbiylar shu paytgacha o‘zga sayyoralarda hayot mavjudligiga ishonishni davom ettirmoqda.
2023 yil bahorida esa Pentagon rahbariyati ushbu «hazil amaliyoti»ni zudlik bilan to‘xtatish bo‘yicha maxsus topshiriq bergan. Unga ko‘ra, armiya ichida noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqatish rasman taqiqlandi va yuqori ofitserlarga bu kabi hazillarning endi qabul qilinmasligi qat’iy ogohlantirildi.
Ammo bu boradagi bahslar shu bilan tugagani yo‘q. 2023 yilning yozida AQSH Kongressida Yerdan tashqari mavjudotlar va ularning Yerdagi aloqalari bo‘yicha maxsus eshituvlar ham bo‘lib o‘tgan. Eshituvda Amerika razvedkasining sobiq xodimi Devid Grash chiqish qilib, Pentagon qariyb 1930-yillardan beri amerikaliklardan o‘zga sayyoraliklar bilan bo‘lgan aloqalar haqidagi ma’lumotlarni yashirib kelayotganini ma’lum qilgan edi. Bu bayonotlar jamoatchilik orasida katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan.
Bu kabi bahsli ma’lumotlar va tergovlar natijasi bugun ham ko‘pchilikning e’tibor markazida qolmoqda. Bir tomondan bu voqealar dunyo ahlini qiziqtirsa, boshqa tomondan Pentagon o‘z obro‘sini saqlash uchun qayta-qayta ma’lumotlarni nazorat qilishga va o‘z amaliyotlarini maxfiy saqlashga intilmoqda.
Shunday qilib, insoniyatning uzoq yillik qiziqishlari bo‘lgan Yerdan tashqari mavjudotlar mavzusi Pentagonning sirli amaliyotlari sabab yanada murakkablashib ketdi. Ammo bu mavzudagi munozaralar va talashuvlar kelgusida ham davom etishi shubhasizdir.
Pentagonning sirlari ochilgan bo‘lsa-da, insoniyat uchun bu savollar hamon sirli va qiziqligicha qolmoqda: Yerda chindan ham o‘zga sayyoraliklar mavjudmi yoki bu barchasi faqat harbiylar tomonidan tarqatilgan hazilning natijasimi? “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar