Pentagon noma’lum uchar jismlar haqidagi 43 ta faylni oshkor qildi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- AQSH Mudofaa vazirligi noma’lum uchar jismlar va g‘ayrioddiy hodisalarga oid 40 ta hujjat hamda uchta videolavhadan iborat yangi materiallarni e’lon qildi.
- Hujjatlar orasida 1957 yilda Texasda kuzatilgan hodisalar, Yaponiya yaqinida soatiga 3333 kilometr tezlikda harakatlangan obyekt va 1950-yillarga oid MRB ma’lumotlari o‘rin olgan.
- Harbiylar ushbu hodisalarni atmosfera hodisalari bilan bog‘lashga uringan bo‘lsa-da, o‘zga sayyoraliklar mavjudligiga oid dalillar topilmadi.
AQSH Mudofaa vazirligi 20 noyabr kuni noma’lum uchar jismlar (NUJ) va g‘ayrioddiy hodisalarga oid maxfiylikdan chiqarilgan yangi materiallarni e’lon qildi. Sakkizinchi to‘plamdan 40 ta hujjat va uchta videolavha o‘rin olgan.
Yangi videolarning ayrimlari Yaqin Sharqda tasvirga olingan. 2020 yilgi yozuvlardan birida noma’lum obyekt tanker yoki avianosetsga o‘xshash kema fonida harakatlanayotgani ko‘rinadi. 2026 yil yanvar oyidagi videoda esa bir nechta harakatlanayotgan obyekt aks etgan. Yana bir 20 soniyalik yozuv harbiy platformaning infraqizil sensori orqali olingan bo‘lib, unda obyekt o‘ngdan chapga qarab uchadi.
Hujjatlarda 1957 yil noyabr oyida Texas shtatidagi Levellend shahri yaqinida kuzatilgan g‘ayrioddiy hodisa ham keltirilgan. Bir nechta guvoh osmonda yorqin oval va yumaloq obyektlarni ko‘rganini xabar qilgan. Qizig‘i, ayni vaqtda ayrim avtomobillarning dvigatellari o‘chib qolgan, faralari va radiolari ishlamay qolgan.
AQSH Harbiy-havo kuchlari ushbu xabarlarning oltitasini tekshirgan. Voqea ommaga ma’lum bo‘lgach, bir necha kun ichida yuzlab shunga o‘xshash murojaatlar kelib tushgan. Harbiylar ehtimoliy sabab sifatida sharsimon chaqmoq kabi noyob atmosfera hodisalarini ko‘rsatgan. Biroq o‘zga sayyoralik apparatlariga oid dalillar topilmagan.
Yaponiya yaqinidagi noma’lum apparat tezligi hayratlantirgan
Materiallardan yana birida Yaponiya yaqinida noma’lum yarim shar shaklidagi obyektni ko‘rgan amerikalik harbiy uchuvchining guvohligi keltirilgan. Hisobotga ko‘ra, samolyot unga to‘qqiz kilometrcha yaqinlashganida obyekt keskin tezlashib, soatiga 3333 kilometr tezlikda harakatlangan.
Biroq yerdagi radarlar ushbu nishonni qayd etmagan, ikkinchi uchuvchi ham uni ko‘rmaganini bildirgan.
Shuningdek, Markaziy razvedka boshqarmasining 1950-yillar boshiga oid hujjatlarida AQSHda NUJlar kuzatilgani haqida qariyb 1500 ta xabar ro‘yxatga olingani, ularning 20 foizga yaqini izohsiz qolgani qayd etilgan.
MRB hujjatlarida jamiyatning NUJlarga bo‘lgan qiziqishidan psixologik operatsiyalarda foydalanish imkoniyatlari ham muhokama qilingan. Shu bilan birga, bunday xabarlar ko‘payishi Amerika aloqa tizimlariga ortiqcha yuk tushirmasligi ta’kidlangan.
Pentagon e’lon qilgan materiallar turli davrlarda kuzatilgan noma’lum obyektlar haqidagi ma’lumotlarni taqdim etadi. Biroq ularning kelib chiqishi va tabiatini tasdiqlovchi yakuniy ilmiy xulosa hozircha mavjud emas.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…