date
views 20

Greta Tunbergni ham to‘xtatishdi: Isroil G‘azoga yordam olib ketayotgan kemani hibsga oldi

Greta Tunbergni ham to‘xtatishdi: Isroil G‘azoga yordam olib ketayotgan kemani hibsga oldi
Isroil harbiylari G‘azoga insonparvar yordam olib ketayotgan Italiya kemasini ushlab qoldi. Ushbu kemada dunyoga mashhur shved faoli Greta Tunberg ham bor edi. Bu haqda CNN telekanali xabar tarqatdi.

Kema “Ozodlik flotiliyasi koalitsiyasi” tashabbusi bilan yo‘lga chiqqan bo‘lib, unda jahonga mashhur ekofaollar, shu jumladan Yevroparlament deputati Rima Hassan ham ishtirok etgan. Ular G‘azoga hayotiy muhim vositalar – ozuqa va tibbiyot vositalarini yetkazib berishni maqsad qilgan edi.

Bortdagi faollarga ko‘ra, kema xalqaro suv hududida to‘xtatilgan. Isroil dengiz floti dronlar yordamida kemani o‘rab olgan va uning ustiga oq modda – ehtimol zararli yoki ko‘rishni qiyinlashtiradigan kimyoviy modda sepilgan. Shu paytda aloqa uzilgan, radio orqali esa bezovta qiluvchi tovushlar yangragan.

“Agar siz bu videoni ko‘rayotgan bo‘lsangiz, demak, biz Isroil harbiylari tomonidan xalqaro suvlarda hibsga olinganmiz”, – dedi Tunberg bortdan oldindan tayyorlangan videomurojaatida.

Isroil rasmiylari kema bortdagilarga suv va sendvich tarqatilganini tasdiqlovchi videolarni tarqatgan bo‘lsa-da, “Ozodlik flotiliyasi” bunday yondashuvni “o‘g‘irlash” sifatida baholadi.

Isroil mudofaa vaziri Israel Kas bunga munosabat bildirar ekan: “Men Madlen kemasining G‘azoga yetib bormasligi uchun barcha choralarni ko‘rish buyrug‘ini berdim”, – dedi.

Aytish kerakki, bu Isroil tomonidan insonparvar yordam tashishga qilingan ilk to‘siq emas. Ammo bu safar bortdagi yo‘lovchilarning jahon miqyosidagi obro‘si tufayli voqea xalqaro e’tibor markaziga aylandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Greta Tunbergni ham to‘xtatishdi: Isroil G‘azoga yordam olib ketayotgan kemani hibsga oldi