date
views 326

Netanyahuning salomatligi xavf ostidami? Isroilda jiddiy talab qo‘yildi!

Netanyahuning salomatligi xavf ostidami? Isroilda jiddiy talab qo‘yildi!
Isroilning «Axborot erkinligi» jamoatchilik harakati mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyahuning sog‘lig‘i haqida to‘liq va mustaqil tibbiy hisobotni zudlik bilan e’lon qilishni talab qildi. Bu haqda 9 iyun kuni Isroilning Channel 12 telekanali xabar berdi.

Harakat rahbari Hidday Negev bosh vazirning devonini uning tibbiy holati haqidagi muhim ma’lumotlarni jamoatchilikdan yashirib kelayotganlikda ayblab, keskin tanqid qildi. Negevga ko‘ra, Netanyahuning sog‘lig‘iga oid so‘nggi rasmiy xabar 2025 yilning fevral oyida berilgan bo‘lib, unda bosh vazirning 2023 yil iyulida o‘rnatilgan kardiostimulyatorga to‘liq bog‘liq emasligi va yurak yetishmovchiligi belgilarining yo‘qligi ta’kidlangan edi.

«Hozir Netanyahu 75 yoshdan oshgan. Uning jismoniy va aqliy salomatligi borasida jamoatchilikda turli xil gumon va taxminlar mavjud. Shuning uchun ham biz mustaqil, shaffof va batafsil tibbiy hisobot e’lon qilinishi kerak deb hisoblaymiz», – dedi Negev o‘z bayonotida.

Harakatning ta’kidlashicha, 2023 yildan boshlab Netanyahuning xorijiy, jumladan, AQSHga qilgan barcha safarlarida shifokorlar guruhi uning yon atrofidan ajramay kuzatib kelmoqda. Bu esa jamoatchilikda bosh vazirning salomatligi bilan bog‘liq tashvishlarni yanada kuchaytirmoqda.

Bundan tashqari, maqolada Yevropa kardiologiya jamiyatining sobiq prezidenti, mashhur kardiolog professor Yexuda Adlerning so‘zlari ham keltirilgan. Uning fikricha, Netanyahuda jiddiy yurak kasalligi bor va unga kardiostimulyator bekordan-bekor o‘rnatilmagan:

«Kardiostimulyator bu inson hayotini saqlab qoluvchi qurilmadir. Agar u kutilmaganda ishdan chiqsa, bemorning yonida darhol professional tibbiy yordam ko‘rsata oladigan mutaxassisning bo‘lishi nihoyatda muhimdir», – deya vaziyatning jiddiyligini urg‘uladi professor Adler.

Binyamin Netanyahu Isroil tarixida eng uzoq muddat hukumat rahbari lavozimini egallagan siyosatchi hisoblanadi. U 2023 yil iyulida yurak faoliyatini tartibga soluvchi kardiostimulyatorni o‘rnattirgan va 2024 yilning dekabrida prostata bezi bo‘yicha jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgan edi.

Hozirgi vaqtda Isroilda Netanyahuning salomatligi bilan bog‘liq xavotirlar kuchayib borar ekan, rasmiy idoralar tomonidan mustaqil va ochiq hisobot talab qilinishi jamoatchilik va siyosiy doiralarda keng muhokama qilinmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Netanyahuning salomatligi xavf ostidami? Isroilda jiddiy talab qo‘yildi!