
2024 yil Germaniyada migratsiya sohasidagi tarixiy ko‘rsatkichlardan biri qayd etildi — yil davomida 291,9 ming nafar inson Germaniya fuqaroligini qo‘lga kiritib, yangi rekord o‘rnatdi. Bu ko‘rsatkich 2023 yilga nisbatan 46 foizga ko‘proqni tashkil etdi va mamlakatdagi migratsiya jarayonlaridagi jiddiy o‘zgarishlarni yaqqol namoyon etdi.
Germaniya hukumati e’lon qilgan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu o‘sish, asosan, Suriyadan kelgan qochqinlar hisobiga yuz bergan. Ular 2015–2016 yillarda mamlakatga muhojir sifatida kelgan va o‘tgan yili fuqarolik olish huquqini qo‘lga kiritgan. Biroq shunga qaramay, bu yilgi eng katta syurpriz — Rossiya fuqarolarining faolligi bo‘ldi. Agar 2023 yilda Germaniya pasportini olgan rossiyaliklar soni 1995 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 12 980 nafarga yetdi — olti baravar o‘sish!
Shu bilan birga, Turkiya, Iroq va Afg‘onistondan kelgan muhojirlar orasida ham Germaniya fuqaroligini olganlar soni ancha oshgan. Bunday keng ko‘lamli o‘sish, mutaxassislar fikriga ko‘ra, Germaniyada 2024 yilda amalga oshirilgan qonun o‘zgarishlari bilan bevosita bog‘liq.
Aniq qilib aytganda, Olaf Shols boshchiligidagi hukumat joriy etgan yangi tartibga ko‘ra, Germaniya hududida sakkiz yil emas, besh yil yashagan muhojirlar ham fuqarolikka da’vogarlik qilishlari mumkin. Agar ariza beruvchi jamiyatga yaxshi integratsiyalangan deb topilsa, unga fuqarolik uch yilda ham berilsa bo‘ladi. Bu o‘zgarishlar mamlakatda yashab kelayotgan ko‘plab muhojirlarga huquqiy maqom olish yo‘lini ancha yengillashtirdi.
Biroq so‘nggi siyosiy o‘zgarishlar bu yo‘nalishda keskin burilish yasashi mumkin. May oyida kanslerlik lavozimini egallagan Fridrix Mers boshchiligidagi hukmron koalitsiya tezlashtirilgan fuqarolik berish tartibini bekor qilishni rejalashtirmoqda. Ichki ishlar vaziri Aleksandr Dobrindt bu qarorni “migratsiya jarayonini qat’iy va tizimli tartibga solish” deb izohladi.
Bu qaror Germaniyadagi muhojirlar va huquq faollari o‘rtasida turli munosabatlarga sabab bo‘lmoqda. Bir tomonda migratsiya siyosatini kuchaytirish talablari ortayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomonda inson huquqlari va integratsiya jarayonlariga zarba yetishi mumkinligi haqida xavotirlar bildirilmoqda.
Yaqin oylar davomida Germaniyada bu borada qanday siyosiy qarorlar qabul qilinishi mamlakatdagi ko‘plab muhojirlar uchun taqdiriy ahamiyat kasb etadi. Germaniya pasportiga ega bo‘lish yo‘li yanada uzaydimi — bu savol javobsiz qolmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar