
Rossiya hukumati mamlakatga kelayotgan migrantlar uchun talablarni keskin oshirmoqda. Rossiya Ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsevning so‘zlariga ko‘ra, rasman ishlamaydigan, o‘qimaydigan, barmoq izini topshirmagan va rus tilini o‘rganmagan fuqarolar mamlakatni tark etishi shart. Bu haqda vazir rasmiy videomurojaatida qat’iy ta’kidladi.
Kolokolsevning ta’kidlashicha, Rossiya ko‘chalari va turar joy sektorida noqonuniy migrantlar qolmasligi lozim. Har bir migrant jamiyatga foyda keltirishi, ish bilan ta’minlanishi, yoki ta’lim olishi, shuningdek, barmoq izi (daktiloskopiya)dan o‘tishi va rus tilini bilish darajasini tasdiqlashi talab qilinadi. Agar bu talablar bajarilmasa, chet elliklar mamlakatdan chiqarib yuboriladi.
Rossiya rasmiylari 2024 yil bahoridan beri migratsiya siyosatida yangi bosqichni boshladi. Bu yil boshida maxsus reyestr — Ichki ishlar vazirligi bazasi ishga tushirildi. Unda noqonuniy yurgan har bir xorijlik haqida ma’lumotlar to‘planadi. Shuningdek, migrantlar farzandlari maktabga qabul qilinmasidan oldin rus tilidan sinovdan o‘tishi majburiy etildi. Maxsus jarimalar, qoidabuzarlik uchun jazolar, kirishga va yashashga taqiqlar kuchaytirildi.
Rossiyaga eng ko‘p migrantlar MDH davlatlaridan, jumladan, Tojikiston, O‘zbekiston va Qirg‘izistondan keladi. Joriy yilning o‘zida bu mamlakatlardan yuz minglab kishi Rossiyaga kirib kelgan. Biroq qonunlarning qat’iylashishi ularning turmushiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Migrantlar huquqlarining buzilishi bo‘yicha ushbu davlatlarning rasmiy idoralari bir necha bor norozilik bildirishgan.
Tojikiston hukumati Rossiyada o‘z fuqarolariga nisbatan kirishni cheklash, tushunarsiz asoslar bilan chiqarib yuborish holatlari ko‘paygani haqida rasman e’tiroz bildirgan. Qirg‘iziston elchisi esa Moskvadagi reydlardan so‘ng ikki mamlakat munosabatlariga zarar yetmasligi kerakligini ta’kidlagan. O‘zbekiston esa joriy yilning iyunida Moskvada migrantlarga nisbatan kuch ishlatilgani bo‘yicha izoh so‘rab Rossiya TIVga nota yo‘lladi.
Migratsiya bo‘yicha yangi qoidalar Rossiyada noqonuniy yashashni va ishlashni yanada mushkullashtirib, chet elliklarni qonuniy faoliyatga undashni maqsad qilgan. Ekspertlar esa bu talablar yangi qiyinchiliklar, yashirin iqtisodiyot va noroziliklarni keltirib chiqarishi mumkinligini ta’kidlamoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar