date
views 377

Rossiya may oyida Ukrainada o‘nlab hududlarni egalladi

Rossiya may oyida Ukrainada o‘nlab hududlarni egalladi
2025 yil may oyida Rossiya armiyasi Ukrainada joylashgan bir qator aholi punktlarini o‘z nazoratiga o‘tkazib, urush boshlanganidan buyongi eng keng hududiy ilgarilashlardan birini amalga oshirdi, deb xabar bermoqda The Wall Street Journal.

Nashr manbasiga ko‘ra, may oyida Rossiya qo‘shinlari Donetsk, Sumi va Xarkov viloyatlaridagi katta va kichik aholi punktlarini egalladi. Xususan:

• Donetsk viloyatida: Novopol, Volnoye pole, Gnatovka, Shevchenko Pervoye, Novoolenovka, Kotlyarovka, Mixaylovka, Mirolyubovka, Stupochki va boshqalar.
• Sumi viloyatida: Vodolagi, Loknya, Vladimirovka, Belovodi, Konstantinovka va boshqa aholi punktlari.
• Xarkov viloyatida: Stroyevka va Kondrashovka.

Bunday ko‘lamdagi hududiy ilgarilashlar, WSJ tahlilchilari fikricha, Kiyev va Moskva o‘rtasidagi muzokaralar natija bermayotganini va nizo hal bo‘lishi faqat harbiy harakatlar orqali amalga oshishi ehtimolini kuchaytirmoqda.

Janglar eng keskin kechayotgan nuqtalar

Jurnal ta’kidlashicha, ayniqsa Donetskdagi Pokrovsk (Krasnoarmeysk) va Konstantinovka, shuningdek, Sumi viloyati atrofi ayni paytda urushning eng faol nuqtalariga aylangan.

Ukrainalik katta leytenantning aytishicha, Konstantinovka hozirda front chizig‘iga aylanmoqda. Janglar kunning istalgan vaqtida davom etmoqda, rotatsiya imkoniyatlari cheklangan, shaxsiy tarkib esa tinimsiz janglardan charchagan.

Istanbul muzokaralari va ziddiyatli talablar

Shu bilan birga, may va iyun oylarida Istanbulda o‘tkazilgan muzokaralarda ham ma’lum harakatlar kuzatildi. 16 may va 2 iyun kunlari bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda, asosan, asirlar va halok bo‘lgan askarlarning jasadini almashish masalalari muhokama qilindi.

Ikkinchi uchrashuvda tomonlar o‘zaro talablar aks ettirilgan memorandumlar bilan almashishdi. Kiyev memorandumida joriy front chizig‘ini muzokaralar uchun asos sifatida qabul qilish taklif qilingan bo‘lsa, Moskva esa Ukraina armiyasini Rossiya tomonidan anneksiya qilingan, ammo to‘liq nazorat qilinmayotgan to‘rt viloyat – Donetsk, Lugansk, Zaporoje va Xersondan chiqarib ketishni talab qildi.

Urushda yangi bosqich: yozda vaziyat yanada og‘irlashishi mumkin

Frontdagi faollik va Rossiyaning hududiy yutig‘i Kiyev tomoni uchun jiddiy signal sifatida baholanmoqda. Ukraina harbiylari va tahlilchilar yoz oylarida urush barcha yo‘nalishlarda yanada qizg‘in tus olishini taxmin qilmoqda.

Shu bilan birga, siyosiy muzokaralar hozircha jiddiy siljishlarga olib kelmayotgani va harbiy harakatlar orqali ustunlik qilish urinishlari davom etishi kutilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya may oyida Ukrainada o‘nlab hududlarni egalladi