date
views 330

Florida gubernatori: «Xavf tug‘dirgan namoyishchilarni mashina bilan bosib o‘tsangiz, ayb sizda emas»

Florida gubernatori: «Xavf tug‘dirgan namoyishchilarni mashina bilan bosib o‘tsangiz, ayb sizda emas»
AQSHda keng jamoatchilik e’tiborini tortgan bahsli bayonot yuz berdi. Florida shtati gubernatori Ron DeSantis tok-shou davomida chiqish qilib, xavfli vaziyat yuzaga kelganda, fuqarolar o‘z hayotini himoya qilish maqsadida namoyishchilarni mashina bilan urib yuborishga haqli ekanini ma’lum qildi.

Gubernatorning ta’kidlashicha, u shunday holatlar haqida gapirmoqdaki, unda namoyishchilar yo‘lni to‘sib, avtomobillar harakatini cheklaydi va haydovchiga tahdid soladi. DeSantisga ko‘ra, agar namoyishchi fuqaroning harakatlanishiga to‘sqinlik qilib, u shaxs o‘zini himoya qilish maqsadida mashinani harakatga keltirsa, bu holatda ayblov namoyishchiga yuklanishi kerak.

«Agar kimdir mashinangizni o‘rab olsa va siz undan chiqib ketish uchun harakat qilsangiz, bu o‘zini xavf ostiga qo‘ygan namoyishchining mas’uliyati hisoblanadi», — dedi DeSantis tok-shou boshlovchisi Deyv Rubin bilan suhbatda.

Bu so‘zlar 14 iyun kuni – AQSHning sobiq prezidenti Donald Trampning tug‘ilgan kunida o‘tkazilishi rejalashtirilgan ommaviy namoyishlar arafasida yangradi. «Qirollar yo‘qolsin» shiori ostida tashkil etilayotgan aksiya mamlakat bo‘ylab tarqalib, norozilik harakatlarini kuchaytirishi kutilmoqda.

CBS telekanali tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu tadbir «milliy itoatsizlik kuni» sifatida e’lon qilingan va aholi «shafqatsizlik, korrupsiya va avtoritarizmga qarshi» harakatda birlashishga chaqirilmoqda.

Bundan avvalroq, 6 iyun kuni Los-Anjeles shahrida Trampning immigratsiya siyosatiga qarshi namoyishlar boshlandi. Namoyishlar politsiya bilan to‘qnashuvga aylandi va natijada hukumat Milliy gvardiya askarlarini yuborishga majbur bo‘ldi.

Hozircha DeSantisning ushbu bayonoti AQSHdagi fuqarolik jamiyati va huquqni muhofaza qilish tashkilotlari orasida keskin munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Qator huquqshunoslar va faollar uning so‘zlarini fuqarolarni zo‘ravonlikka undashi mumkin, deya baholamoqda. Shu bilan birga, uning tarafdorlari gubernatorning shaxsiy xavfsizlik masalasidagi qat’iy pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlamoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Florida gubernatori: «Xavf tug‘dirgan namoyishchilarni mashina bilan bosib o‘tsangiz, ayb sizda emas»