date

Isroil va AQSH munosabati Eron yadroviy muzokarasida sinalmoqda

Isroil va AQSH munosabati Eron yadroviy muzokarasida sinalmoqda
Yaqin Sharqda siyosiy taranglik yana avjida. Oxirgi oylarda Amerika va Eron o‘rtasidagi muzokaralar bir necha bosqichda o‘tib, tarixiy kelishuv arafasida turgan bir paytda, bu jarayon Donald Trampning shaxsan nazoratida bo‘lib turibdi. Ayniqsa, AQSH va Isroil o‘rtasidagi strategik ittifoqning kelajagi shunday tahlikali vaziyatda yanada ko‘proq muhokama qilinmoqda.

Apreldan buyon muzokaralar davom etar ekan, so‘nggi haftalarda Isroil hukumati va uning yetakchilari Oq uyga nisbatan ochiq-oydin norozilik bildirishyapti. Binyamin Netanyahu boshchiligidagi Isroil rahbariyati muzokaralar vaqtida AQSHdan yetarli darajada axborot olmayotganidan shikoyat qilib, o‘z manfaatlari inkor etilayotgani haqida da’vo qilmoqda. Ayni paytda, Isroil razvedkasi va mudofaa vazirligida “B reja”, ya’ni ehtimoliy harbiy zarba haqida maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tgani ham aytiladi.

Bu esa Isroil uchun katta xavotir manbai, chunki kelishuv bandlaridan biri – Eronning uran boyitish huquqi, ya’ni yadroviy imkoniyatlari – Tel-Aviv uchun jiddiy tahdid bo‘lib qolmoqda. Rasmiy Vashington esa Eronning yadro quroliga ega bo‘lishiga hech qanday sharoitda yo‘l qo‘ymasligini ta’kidlayotgan bo‘lsa-da, Isroil bu jarayonda o‘zining siyosiy nufuzi pasayib, ikkinchi o‘ringa surib qo‘yilayotganidan norozi.

Yanada xavotirlisi, agar muzokaralar kutilgandek kechmasa yoki Eron yadro dasturini cheklash bo‘yicha jiddiy kafolatlar bermasa, Isroil o‘z manfaatlarini himoya qilish maqsadida mustaqil harakatlanishi mumkin. Bu esa, albatta, AQSH uchun katta diplomatik muammo keltirib chiqaradi. Odatda, Amerika razvedkasi Isroilning rejalari va ehtimoliy amaliyotlaridan yaxshi xabardor bo‘ladi, ularning ruxsatisiz yirik operatsiyalar amalga oshirilmaydi. Ammo bu gal, ma’lumotlarga ko‘ra, Oq uy ayrim ma’lumotlarni yashirmoqda, ayrim davlat xizmatchilari esa xavfsizlik sabablari bilan Bahrayn, Kuvayt va Iroqdagi baza va elchixonalardan vaqtincha chiqarilmoqda.

Trampning “Eronda faqat ikki yo‘l bor: yoki bitim, yoki urush” degan so‘zlari bu vaziyatning jiddiyligini yana bir bor tasdiqlaydi. Ekspertlarning fikricha, Vashingtondagi ba’zi kuchlar Eron bilan kelishuvni cho‘zib, muzokara stolida Tehronni qattiqroq shartlarga ko‘ndira olish umidi bilan harakat qilmoqda. AQSH o‘z diplomatlarini evakuatsiya qilishni Isroilga yordamdan voz kechish emas, balki xavfsizlik chorasi sifatida ko‘rsatmoqda.

Ayni paytda, Amerika diplomatlari va Eron tashqi ishlar vazirligi muloqotni davom ettiryapti. Biroq Isroil uchun asosiy masala bitim qanday bo‘lishida emas, balki bu kelishuv mamlakat xavfsizligiga haqiqiy kafolat beradimi-yo‘qmi, degan savolda.

Tarixga nazar tashlasak, Eron yadroviy dasturi bilan bog‘liq inqiroz 2002 yilda maxfiy yadro obyektlari aniqlanganidan boshlangan edi. 2010 yildan boshlab, mamlakatga qator xalqaro sanksiyalar joriy etildi va natijada Eron iqtisodiy qiyinchilikka yuz tutdi. 2015 yilda esa AQSH, Yevropa Ittifoqi va boshqa davlatlar bilan yadroviy kelishuvga erishildi, bu davrda inspektorlar Eronning yadro obyektlarini nazorat qilish huquqiga ega bo‘lishdi. Ammo 2018 yilda aynan Donald Tramp boshchiligidagi ma’muriyat bu bitimdan chiqdi va qaytadan sanksiyalarni joriy etdi. Bu qarorni Isroil qo‘llab-quvvatladi.

Hozir esa, yangi kelishuv arafasida, tarix yana qaytalanayotgani kabi ko‘rinish paydo bo‘lmoqda: bir tomonda muzokaralar, ikkinchi tomonda xavotir va ehtimoliy harbiy ssenariy. Agar bu jarayonlarda kutilmagan burilishlar bo‘lsa, Yaqin Sharq yana yangi nizolar ustida qolayotgan bo‘ladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Isroil va AQSH munosabati Eron yadroviy muzokarasida sinalmoqda