
Yaqin Sharqda keskinlik yanada avj olmoqda. Isroil 13 iyunga o‘tar kechasi Eron hududiga yirik miqyosli havo hujumi uyushtirib, mamlakatning yadroviy obyektlari, yuqori martabali harbiy rahbarlari va olimlarini nishonga oldi. Oqibatda tinch aholi va harbiylar orasida ko‘plab qurbonlar bo‘lgani haqida mahalliy manbalar xabar berdi.
Toshkent vaqti bilan tonggi soatlarda Eron qurolli kuchlari generali Abolfazl Shekarchi dushmanlardan qat’iy javob kutishlarini, qurolli kuchlar bunday tajovuzga har tomonlama tayyor ekanini ta’kidladi. "Qasos hal qiluvchi bo‘ladi va sionistik rejim hamda AQSH buning haqqini to‘laydi", – deya qat’iy bayonot berdi u.
Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy ham Isroilning ushbu havo zarbasi mamlakat uchun og‘ir oqibatlarga olib kelishi, javob qattiq bo‘lishini ta’kidladi. “Islom respublikasi qurolli kuchlarining qudratli qo‘li dushmanga hech qachon tinchlik bermaydi. Halok bo‘lgan harbiy va olimlarimizning o‘rni to‘ldiriladi, Allohning irodasi bilan ularning safdoshlari o‘z vazifalarini kechiktirmay bajaradi”, – dedi Xomanaiy.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi ham BMT nizomining 51-moddasiga asoslanib, mamlakat xududiy daxlsizligiga qilingan har qanday hujumga qonuniy va qat’iy javob qaytarilishini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Isroilning bunday keng qamrovli zarbasi AQSH roziligi va muvofiqlashtiruvisiz amalga oshmas edi. Shuning uchun Vashington ham bu oqibatlar uchun to‘liq javobgar hisoblanadi.
Shu paytda, AQSH davlat kotibi Marko Rubio amaliy operatsiyada Amerika ishtirok etmaganini, bu harakatda qatnashmaganini rasman bildirdi. “Biz bu harakatda ishtirok etmayapmiz va asosiy ustuvor vazifamiz – mintaqadagi Amerika kuchlarini himoya qilish”, – dedi u.
Yaqin orada esa mintaqa yana bir jiddiy siyosiy va harbiy inqiroz ostidan o‘tishi mumkin. Eronning keskin bayonotlari va Isroil tomonidan harbiy harakatlarning davom etishi nafaqat ikki davlat, balki butun mintaqaviy xavfsizlik uchun jiddiy sinov bo‘lib turibdi.
Ekspertlar fikricha, hozirgi vaziyat har qanday kutilmagan ssenariylar rivojiga ochiq, bu esa xalqaro hamjamiyatni jiddiy xavotirga solmoqda. Hammasi yaqin kunlarda qanday qarorlar qabul qilinishiga bog‘liq. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar