
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) tomonidan olib borilgan keng ko‘lamli xalqaro tadqiqot demografik inqirozning asl sabablari haqida yangi qarashlar taqdim etdi. Tadqiqotga ko‘ra, aholi soni o‘sishi yoki pasayishi insonlarning shaxsiy tanloviga emas, balki davlatlardagi iqtisodiy xavfsizlik, farovon hayot va adekvat siyosiy qarorlar mavjudligiga bog‘liq ekan.
UNFPA mutaxassislari dunyo aholisining uchdan bir qismi yashaydigan 5 qit’adagi 14 mamlakatda o‘tkazgan so‘rov natijalari shundan dalolat beradiki, demografiyadagi muammolar ko‘pincha qonunlar yoki sun’iy cheklovlar natijasi emas, balki zamonaviy hayotdagi real iqtisodiy to‘siqlar bilan bog‘liq. Masalan, Nigeriya, Marokash, Janubiy Afrika va Indoneziyada har bir ayolga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha tug‘ilish soni aholi o‘rnini bosish darajasidan oshib ketgan. Biroq, aksariyat odamlar ikkita yoki undan ortiq farzand ko‘rishni istashini ta’kidlagan.
Tadqiqot ishtirokchilarining 54 foizi arzon uy-joy, ishsizlik, bola parvarishi muassasalari yetishmasligi va moliyaviy qiyinchiliklarni asosiy to‘siqlar sifatida ko‘rsatgan. Shu bilan birga, so‘rovdan ma’lum bo‘lishicha, 24 foiz odamlar salomatlik muammolari va ularni hal etish imkoniyati mavjud emasligidan shikoyat qilgan. Yana 19 foiz respondent esa farzand ko‘rishni istamaslikka urushlar, iqlim o‘zgarishi, pandemiya va kelajakdagi noaniqliklar sabab bo‘layotganini bildirgan.
Tadqiqot mualliflari ta’kidlashicha, demografik inqirozga qarshi choralar qabul qilinayotganda odamlar nimani istashi va qanday qiyinchiliklarga duch kelayotgani chuqur o‘rganilishi kerak. Tadqiqot xulosasida qayd etilganidek, «siyosiy choralar odamlarni kontratseptivlardan foydalanishdan qaytarish yoki ko‘p farzand ko‘rishga majburlash emas, balki haqiqiy muammolarni hal qilishga qaratilgan bo‘lishi zarur». “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar