
AQSH davlat departamentining yangi tashabbusi mamlakatga kirish qoidalarini yanada qat’iylashtirishi mumkin. The Washington Post nashri e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH hukumati 36 ta davlat fuqarolari uchun viza taqdim etishni cheklashni rejalashtirmoqda. Bu mamlakatlar orasida Afrikaning yirik qismi, Osiyo va Karib mintaqasidan bir qator davlatlar, jumladan Qirg‘iziston ham bor.
Ro‘yxatdan joy olgan davlatlar qatorida Misr, Jibuti, Kamerun, Efiopiya, Benin, Kamboja, Butan, Suriya, Tuvalu, Zambiya va boshqalar qayd etilgan. Bu ro‘yxat AQSHning yuqori xavfli deb baholanayotgan mintaqalar fuqarolariga nisbatan shubhasini yanada oshirmoqda.
Hujjatga ko‘ra, davlat departamenti ushbu mamlakatlarga yangi talablarni bajarish uchun 60 kunlik muddat belgilagan. Agar ushbu mezonlar bajarilmasa, fuqarolarga AQSH vizasi berishda cheklovlar joriy etiladi. Bularga ishonchli hujjatlarni berishda vakolatli tuzilmalar mavjud emasligi, hujjat soxtaligi holatlari va vizaning amal qilish muddatiga rioya qilinmasligi kabi muammolar asos sifatida ko‘rsatilgan.
Tahlilchilar bu qarorni Donald Trampning agressiv immigratsiya siyosatining davomi sifatida baholamoqda. Avvalroq u 12 davlat fuqarolariga to‘liq viza taqiqlovi, 7 davlatga qisman cheklovlar joriy qilgan edi. Bu galgi ro‘yxat Trampning 2023 yilda G‘azo, Yaman, Liviya, Suriya kabi hududlardan kelganlarga taqiq qo‘yish g‘oyasining yanada keng qamrovli qo‘llanishiga o‘xshaydi.
Hozircha davlat departamenti va Oq uy bu hujjatlarga rasmiy munosabat bildirishdan tiyilgan. Ammo diplomatik manbalarda bu qarorning amalga oshishi AQSHdagi immigratsiya siyosatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.
Mutaxassislar ushbu qarorning xalqaro munosabatlarga, ayniqsa AQSHning Afrika va Osiyodagi hamkorliklariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlashmoqda. Shu bilan birga, bunday cheklovlar AQSH vizasiga ega bo‘lishni rejalashtirayotgan minglab oddiy fuqarolar uchun ham murakkab to‘siqka aylanadi.
AQSHning xavfsizlikni ta’minlash maqsadida qo‘llayapgan cheklovlari boshqa davlatlar bilan siyosiy aloqalarni ham sovutishi ehtimoldan holi emas. Ro‘yxatdagi ayrim davlatlar — AQSHning ko‘p yillik hamkorlari sanaladi va bu ular bilan munosabatlarda sovuqlikka olib kelishi mumkin.
Shu bois, yaqin haftalarda AQSHning bu tashabbusi keng muhokamalarga sabab bo‘lishi va xalqaro maydonda yangi siyosiy tortishuvlarga turtki berishi kutilayapti. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar