
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Isroilning so‘nggi harbiy harakatlariga qarshi yana qattiq bayonot bilan chiqdi. Uning ta’kidlashicha, Tel-Aviv rejimi Eronga qarshi amalga oshirgan hujumlar orqali G‘azoda olib borilayotgan genotsiddan jahon hamjamiyati e’tiborini burib yuborishga urinayotgan bo‘lishi mumkin.
Bu haqda Turkiya yetakchisi Kuvayt amiri Mishal al-Ahmad al-Jobir as-Sabah bilan bo‘lib o‘tgan telefon muloqoti chog‘ida bildirgan. Suhbat davomida tomonlar Isroil va Eron o‘rtasidagi keskinlik, mintaqadagi xavfsizlik muammolari, shuningdek, xalqaro hamkorlikning dolzarb yo‘nalishlarini muhokama qilgan.
Erdo‘g‘an Tel-Avivning harakatlari nafaqat Eron bilan munosabatlarga, balki butun mintaqa xavfsizligiga tahdid solayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroilning agressiv siyosati yana bir katta urushga asos solishi mumkin va bu holat mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi.
Shuningdek, Erdo‘g‘an Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu rahbarligidagi hukumat global barqarorlik va tinchlik uchun jiddiy xavfga aylanganini qayd etdi. Uning fikricha, Isroilning Eronga nisbatan uyushtirgan hujumlari yadro dasturiga oid muzokaralarga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
"Biz muzokaralar orqali kelishmovchiliklarni hal qilish tarafdorimiz. Harbiy harakatlar hech qanday muammoni hal qilmaydi, balki yanada og‘irlashtiradi", — dedi Erdo‘g‘an.
Turkiya yetakchisi shuningdek, o‘z so‘zida Kuvayt bilan birgalikda Isroilning G‘azoda amalga oshirayotgan tajovuzkor harakatlari va inson huquqlarini toptayotgan genotsidini keskin qoralashini esga soldi.
Erdo‘g‘anning mazkur chiqishi nafaqat Turkiyaning Yaqin Sharqdagi faol pozitsiyasini, balki uning global adolat va tinchlikni ta’minlash yo‘lidagi qat’iy pozitsiyasini ham yana bir bor namoyon etdi.
Mintaqadagi vaziyat tobora izidan chiqayotgan bir paytda, xalqaro hamjamiyat bunday fikrlarga quloq tutishi va tezkor diplomatik choralar ko‘rishi kerakligi kundan-kunga ayon bo‘lib bormoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar